18:10 / 04.11.2017
9410

Avtoulovlar salonidan ehtiyot qismlarini o‘marib yurgan shaxs qo‘lga olindi

Bekobod tuman IIBga 1990 yilda tug‘ilgan Xoldor Ortiqov (keltirilgan ism-familiyalar o‘zgartirilgan) ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida noma'lum shaxs, yaxshi qulflanmaydigan orqa chap tomon oyna fortochkasini ochish yo‘li bilan, Bekobod tumani Zafar qo‘rg‘oni markazida joylashgan “Orom” to‘yxonasi oldida turgan o‘ziga tegishli «Damas» rusumli davlat belgisi 10 D 992 YeA avtoulovi salonidan narxi taxminan 800.000 so‘m bo‘lgan 1 dona “Pioneyer” rusumli magnitofonini o‘g‘irlaganligini ma'lum qilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIB xabar berdi.

Olib borilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu jinoyatni Bekobod shahrida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan Zayniddin Sadirov sodir etganligi aniqlanib, ushlandi.

Shuningdek, Zayniddin Sadirovning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilganda, 1991 yilda tug‘ilgan Salimjon Xudoyberdiyev, 1989 yilda tug‘ilgan Turdibek Mamadaliyev va 1990 yilda tug‘ilgan Zikrilla Mahmudovlarga tegishli «Damas» rusumli, 1996 yilda tug‘ilgan Qosimjon Jumayev, 1991 yilda tug‘ilgan Mohirbek Shoqosimov va 1974 yilda tug‘ilgan Zohir Shernazarovlarga tegishli «VAZ-2106» rusumli, 1993 yilda tug‘ilgan Asilbek Abduraxmonovga tegishli «Moskvich» rusumli avtoulovlari salonidan shu kabi ehtiyot qismlarini o‘g‘irlaganligi ma'lum bo‘lgan.

Ushbu holatlar yuzasidan unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergovni IIB olib bormoqda.

Top