16:03 / 04.11.2017
16519

Ravshan Ermatov klublar o‘rtasidagi JChda ishlaydi

FIFA referisi Ravshan Ermatov  boshchiligida o‘zbekistonlik hakamlar brigadasi klublar o‘rtasidagi JChda ishlaydi. Bu haqda O‘FF rasmiy sayti xabar tarqatdi.

Manba bergan xabarga ko‘ra, Ermatovga musobaqa davomida qanot hakamlari Abduhamidullo Rasulov va Jahongir Saidovlar yordam berishadi.

Eslatib o‘tamiz, klublar o‘rtasidagi JCh shu yilning 6-16 dekabr kunlari Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Dubay shahrida bo‘lib o‘tadi.

FIFA tomonidan kelgan taklifga ko‘ra, yana boshqa hakamlarimiz ham xalqaro uchrashuvlardan taklif olgan. Jumladan, 14 noyabr kuni Kambodjaning Pnompen shahrida Osiyo Kubogi-2019 saralashidan o‘rin olgan Kambodja va Iordaniya terma jamoalari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tadi. Mazkur o‘yinni FIFA referisi Ilgiz Tantashev boshqarib boradi. Unga qanotlarda Ruslan Serazetdinov va Andrey Tsapenko yordam berishadi. To‘rtinchi hakam vazifasini Dmitriy Pislegin bajaradi.

Shuningdek, 4-8 noyabr kunlari Qatar davlatida bo‘lib o‘tadigan U-19 Osiyo chempionati saralashi «S» guruhidan o‘rin olgan  uchrashuvlarda yana bir FIFA referisi Aziz Asimov qanot hakami Husniddin Shodmonov bilan birgalikda ish olib boradi.

4-8 noyabr kunlari Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida o‘tkaziladigan U-19 Osiyo chempionati saralashi «I» guruhidan o‘rin olgan  uchrashuvlarda esa FIFA referisi Sherzod Qosimov qanot hakami Timur Gaynullin bilan ishlaydi.

Top