O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 noyabr kuni hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi, deb yozadi O‘zA.
Mamlakatimizda hunarmandlik azaldan yaxshi rivojlangan. Bolalikdan hunar o‘rganish, yaratgan mahsuloti va mehnati bilan odamlarga naf keltirish xalqimizning milliy qadriyatiga aylangan. Hunar turlari asrlar davomida kengayib, yangi yo‘nalishlar va maktablar bilan boyib borgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda yurtimizda hunarmandlikning 34 turi mavjud.
Mustaqillik yillarida milliy qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish yo‘lida yaratilgan imkoniyatlar samarasida hunarmandlik ravnaqiga keng yo‘l ochildi. Respublika «Hunarmand» uyushmasi, joylarda esa uning bo‘limlari tashkil etildi. Bir paytlar usta va hunarmandlar o‘zlari yaratgan buyumlarni sotish, namoyish etishda turli to‘siqlarga uchragan bo‘lsa, bugun har bir tuman va shaharda hunarmandlar markazlari faoliyat yuritmoqda, bozorlar va savdo majmualarida maxsus savdo rastalari tashkil etilgan.
Hunarmandlik avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan sulolalar faoliyati qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ular «ustoz-shogird» an'anasi asosida yosh avlodga o‘rgatilmoqda.
Hunarmandlik xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqimiz farovonligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar va kam ta'minlangan oilalar bandligini ta'minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hunarmandchilikni yanada rivojlantirish, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratmoqda.
Yig‘ilishda xalq hunarmandligi va amaliy san'atini rivojlantirish, ular tomonidan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, shu asosda yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi.
Hunarmandlarning istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish, buning uchun ularga imtiyozli kreditlar ajratish, sohaga xalqaro moliya institutlari investitsiyalarini jalb etish zarurligi ta'kidlandi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasi, «Mikrokreditbank» rahbarlari va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari zimmasiga hududlarning o‘ziga xos xususiyat va an'analaridan kelib chiqib, tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqish, har bir hunarmandga yetib borish vazifasi qo‘yildi.
Hunarmandlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, ularga bo‘sh turgan binolarni imtiyozli ravishda berish, asbob-uskuna va xomashyo materiallari bilan ta'minlash masalalariga e'tibor qaratildi.

















