Boshqa tumanlardan farqli o‘laroq Jomboydagi ko‘p qavatli uylarda tabiiy gaz muammosi deyarli yo‘q. Aholi qishning sovuq kunlaridan xavotirda emas. Lekin ularni bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan asosiy muammo — ishdan chiqqan kanalizatsiya tarmoqlari.
Yerto‘lasidagi barcha eshiklariyu tuynuklari beton bilan yopib tashlangan, umuman havo kirmaydigan ko‘p qavatli uyni ko‘rganmisiz? Guliston mahallasida joylashgan «Jomboy Lolazor Kommunal servis» shirkatiga qarashli ikki qavatli 5-uyning yerto‘lasiga tusha olmadik. Yerto‘lani qanday ko‘rsak bo‘ladi, deya shu uyda yashovchilardan so‘raganimizda, hammayoq beton bilan qoplanganini bildirishdi.
Gap shundaki, tumandagi ko‘p qavatli uylarning aksariyati 1970 yillarda qurilgan bo‘lib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari o‘tgan vaqt davomida eskirib ketgan. Avvaliga kanalizatsiya tarmoqlarida kuzatilgan nosozlik hashar yo‘li bilan bartaraf etib turilgan bo‘lsa, keyinchalik ayrim ko‘p qavatli uylarda chirib ketgan quvurlarni ta'mirlashning imkoni bo‘lmay qolgan. Biz yuqorida misol keltirgan 5-uy yerto‘lasining yopib tashlanishi albatta, muhandislik qoidalariga zid. Shusiz ham nam ta'sirida devorlarning yarmigacha zax tortgan bu uy yerto‘lasining tamoman yopib tashlanishi oqibatida hademay butun bino foydalanishga yaroqsiz bo‘lishi mumkin.
— Yerto‘lamizdagi quvurlar eskirib, chirib ketgan, — deydi shu uyda yashovchi Z.Mustafoyeva. — Yana hashar uyushtirib, ularni yangilagan taqdirda ham tashqi kanalizatsiya tarmog‘ida muammo borligi uchun oqova baribir to‘planib qoladi va uylardan toshib chiqadi. Nosoz quvurlardan oqova suv tushaverib, yerto‘lamiz chidab bo‘lmas holatga kelgach, barcha tuynuklarni yopib tashlashga majbur bo‘ldik-da.
Tumandagi boshqa bir qator ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ham aynan kanalizatsiya muammosidan shikoyat qilishdi. Yuqoridagi shirkat xizmat ko‘rsatadigan 8-uy yonida kanalizatsiya quvuri yorilib, maydonni qo‘lansa oqova suv qoplaganiga guvoh bo‘lgan bo‘lsak, «Ishonchli xizmat» uy-joy mulkdorlari shirkatiga qarashli to‘rt qavatli 4-uyda istiqomat qiluvchilar kanalizatsiyaning har zamonda «qaynab chiqishi»dan bezib qolganini bildirishdi.
Umuman, gap faqat kanalizatsiya tarmoqlarining eskirib ketganida ham emas. Negaki, viloyatimizda bir yarim mingdan ziyod 1991 yilgacha qurilgan ko‘p qavatli uylar bo‘lib, ularning aksariyatida hali kanalizatsiya tarmoqlari yangilangani yo‘q. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlaridan to‘g‘ri foydalanish, o‘z vaqtida ta'mirlash ishlarini o‘tkazish natijasida boshqa hududlarda muammo bu darajaga yetgan emas.
Jomboyda esa bugungi holatni keltirib chiqargan omillar talaygina. Aytaylik, «Ishonchli xizmat» uy-joy mulkdorlari shirkati hududida o‘z vaqtida kanalizatsiya tarmog‘i 5 ta ko‘p qavatli uyga moslab qurilgan. Ammo keyinchalik ko‘p qavatli uylar soni ham, umumiy ovqatlanish shoxobchasi-yu boshqa bino inshootlari qurilgani holda kanalizatsiya tizimi o‘sha-o‘sha holicha qolavergan. Bu esa quvurlarning vaqti-vaqti bilan toshib ketishiga sabab bo‘lgan.

















