11:40 / 05.11.2017
14090

Super Sunday! Ikki markaziy uchrashuv haqida barcha faktlar

Foto: Getty Images

Angliya premer-ligasining 11-turidan o‘rin olgan yakshanba kungi uchrashuvlar katta bayramga aylanishi kutilmoqda. Sababi chempionlik uchun kurash olib borayotgan bir yo‘la to‘rt jamoa bugun o‘zaro juftlik bo‘lib hisob-kitob qilishi kutilmoqda. Tribuna.Uz 2017 yilning eng futbolli yakshanbasi markaziy o‘yinlaridagi qiziqarli faktlarga e'tibor qaratdi.

«Manchester Siti» — «Arsenal»
Boshlanish vaqti: 
19:15 (Toshkent vaqti bilan)
Translyatsiya: UzReport TV, Match! Futbol 1

Xosep Gvardiola shogirdlari Angliya premer-ligasi tashkil qilinganidan buyon eng yaxshi start olgan jamoaga aylanib bo‘ldi. 10ta uchrashuvda 28 ochko, 35ta gol va to‘plar nisbatidagi 29 plyus ko‘rsatkichni shu kunga qadar biror-bir ingliz jamoasi ko‘rsata olmagandi. «Arsenal» esa APL doirasidagi so‘nggi 5 uchrashuvning 4tasida g‘alaba qozondi va birgina «Uotford»ga imkoniyatni boy berdi. Qaysidir ma'noda jamoa yuksak sport formasiga kirib olgan.

Qiziqarli faktlar

Foto: Getty Images

«Manchester Siti» «Arsenal»ga qarshi barcha musobaqalardagi so‘nggi 9 uchrashuvning bor-yo‘g‘i bittasida g‘alaba qozongan (4 durang, 4 mag‘lubiyat). O‘sha g‘alaba ham o‘tgan mavsumda kuzatilgan. Umuman olganda APL doirasida bu ikki jamoa 40 marta ro‘baro‘ kelgan bo‘lib, shundan faqatgina 7 uchrashuvda «shaharliklar»ning qo‘li baland kelgan. «Arsenal»da 23 g‘alaba. 10ta uchrashuvda durang qayd etilgan.

«Manchester Siti» joriy mavsumda hisobda oldinda borgan 9 uchrashuvining barchasida g‘alaba qozongan. «Arsenal» esa yutqazib turgan uchrashuvlarda g‘alaba qozonish (3 marta) va ko‘p ochko (9 ochko) to‘plash bo‘yicha yetakchi sanaladi.

Teo Uolkott «Etihad» stadionida gol kiritish bo‘yicha (3ta gol) «Arsenal»ning boshqa istalgan futbolchisidan yaxshiroq natijaga ega.

Serxio Aguero «Manchester Siti»ning «Arsenal»ga qarshi barcha musobaqalardagi so‘nggi 7 uchrashuvida 5ta gol kiritishga muvaffaq bo‘lgan.

Yo‘qotishlar
«Manchester Siti» tarkibida yangi jarohat olgan yoki diskvalifikatsiya qilinganlar yo‘q. Vinsan Kompani va Benjamin Mendi esa anchadan buyon maydonga tushmayapti va bu uchrashuvda ham ular o‘ynay olishmaydi.

«Arsenal» tarkibida esa Shkodran Mustafi, Denni Uelbek, David Ospina, Santi Kasorla va Kalum Chambers jarohati sabab maydonga tusha olmaydi. Siyod Kolashinatsning ishtiroki esa so‘roq ostida qolmoqda.

«Chelsi» — «Manchester Yunayted»
Boshlanish vaqti: 
21:30
Translyatsiya: Futbol TV, Match! Futbol 1

O‘tgan mavsumda «Stemford Brij»da Mourino jamoasini tor-mor keltirgan Konte, o‘yindan keyin Mourinodan talabnoma olgandi: «bunchalik bizni yerga urib yuborma». Bu mavsumda vaziyat boshqacharoq va Mourinoda qaysidir ma'noda o‘tgan yilgi alamli mag‘lubiyat uchun o‘ch olish imkoniyati mavjud.

Qiziqarli faktlar

Foto: Getty Images

«Chelsi» «Manchester Yunayted»ga qarshi APL doirasidagi so‘nggi 15 uchrashuvning faqat bittasida mag‘lubiyatga (9 g‘alaba, 5 durang) uchragan.

«Manchester Yunayted» APL doirasida eng ko‘p (17 marta) mag‘lubiyatni va eng ko‘p golni (66 ta gol) aynan «Chelsi»ga qarshi uchrashuvlarda qabul qilib olgan. Boshqa biror-bir APL jamoasi «MYu»ni bu qadar ko‘p ranjitmagan.

Umuman olganda bu ikki jamoa APL doirasida barcha 25 mavsumda o‘ynab, o‘zaro 50 marta to‘qnash kelgan. Yuqorida eslaganimizdek «Chelsi» 17 uchrashuvda zafar quchgan bo‘lsa, 14 uchrashuvda «MYu»ning qo‘li baland kelgan. 19 uchrashuvda durang qayd etilgan.

«Manchester Yunayted» joriy mavsumda APLda kiritgan gollarining 21 foizini uchrashuvning so‘nggi 10 daqiqasida kiritgan.

«Manchester Yunayted»da zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar shu kunga qadar 7 gol va 4ta golli uzatmani amalga oshirishgan va bu borada ham APLda yetakchi bo‘lib turibdi.

Yo‘qotishlar

«Chelsi» o‘ng qanot vakili Viktor Mozes xizmatidan foydalan olmaydi. Shuningdek Ngolo Kantening ham ishtiroki katta so‘roq ostida qolmoqda.

«Manchester Yunayted» esa Maykl Kerrik, Maruan Fellayni, Zlatan Ibrahimovich, Markos Roxo, Pol Pogba va Jyessi Lingard xizmatidan foydalan olmaydi. Bu futbolchilarning barchasi jarohat olgan.

Azamat Murodov tayyorladi

Mavzuga oid
Top