16:00 / 05.11.2017
23881

Tramp tashrifi arafasida minglab janubiy koreyaliklar namoyishga chiqishdi

© AFP 2017 / ED JONES

Janubiy Koreyada Donald Trampga qarshi keng ko‘lamli namoyishlar boshlandi. Yonhap xabariga ko‘ra, Seulda minglab kishilar ko‘chalarga chiqishgan.

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Seulda 5 ming nafarga yaqin kishi yig‘ilgan. Namoyishchilar "Tinchlik kerak, urush emas", "Harbiy harakatlarni to‘xtatib, muzokaralarni boshlang!" va "Biz tinchlik istaymiz!" yozuvlari tushirilgan plakatlar ko‘tarib olishgan.

Qator jamoatchilik tashkilotlari bu aksiya Trampning Janubiy Koreyaga tashrifiga qarshi qaratilmaganini ta'kidlashmoqda. Vakillarning so‘zlariga ko‘ra, ular bu orqali Koreya yarimorolidagi vaziyatga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratishni maqsad qilishgan.

© AFP 2017 / ED JONES

Tramp yakshanba kuni Osiyo bo‘ylab 13 kunlik turnesini boshladi. U shu kuni tongda Yaponiyaga keldi va mamlakat bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashib Saytamada u bilan golf o‘ynadi, ularga mashhur yaponiyalik Xideki Matsuyama qo‘shildi. Dushanba kuni Tramp imperator qabulida bo‘ladi. Keyinroq yapon-amerika sammiti boshlanadi. Tramp va Abe o‘tmishda shimoliy koreyalik agentlar tomonidan o‘g‘irlangan yapon oilalari bilan ham uchrashadi.

Yaponiyadan keyin Tramp 6-7 noyabr kunlari Janubiy Koreyada bo‘ladi, u bu yerda prezident Mun Jye In bilan uchrashadi. Chorshanba kuni AQSh prezidenti Xitoyga yo‘l oladi, 10 noyabr kuni — Vetnamga, u bu yerda OTIH (Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi) sammitida qatnashadi. Amerika rahbarining turnesi 12-14 noyabr kunlarida Filippinga tashrif bilan yakunlanadi.

 

Mavzuga oid
Top