21:40 / 06.11.2017
37256

Har bahorda shu bo‘lar takror. «Toshshahartransxizmat»​ning «eski»​ yangiligi

​2018 yilda barcha stansiyalarda metropoliten xizmatlaridan foydalanish uchun to‘lovning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish rejaga kiritilgan. Bu haqda «Toshkent metropoliteni» UK bosh muhandisi Baxtiyor Sodiqov Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasida ma'lum qildi. ​

«Hozirda Mustaqillik maydoni metro bekatiga maxsus turniket sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar mazkur tajriba o‘zini oqlasa, boshqa metropoliten bekatlariga ham ikkitadan turniket va avtomatlar o‘rnatiladi», deya qayd etgan Baxtiyor Sodiqov. 

«Toshshahartransxizmat»​ vakillari ham ushbu innovatsion imkoniyat haqida xabar bergandi. E'tiborli jihati shundaki, bu ​«yangilik​» eng kamida 5 marta yangragan va hanuzgacha amalga oshmay keladi. 

2014 yil 6 iyul

«Toshshahartransxizmat»​ jamoat transportidan foydalanganda NFC (Near Field Communication - yaqin masofadagi aloqa)​ texnologiyasi orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘lishi haqida ma'lumot bergandi. Soddaroq qilib, smartfondangi ilova orqali avtomatlashtirilgan tizim imkoniyatidan foydalanish haqida so‘z yuritilayotganini ta'kidlash lozim. 

Ana shu paytda mutasaddilar «​loyihaning texnik ishlanmalari ustida katta ish olib borilayotgani»​ haqida gapirgan. Hukumat jamoat transportidan foydalanish va uning sifatini oshirish borasida 2013 yil noyabr oyida rasmiy hujjatni tasdiqlagan. 

2015 yil 16 yanvar 

«Toshshahartransxizmat»​ kelgusi ikki yil ichida smart-kart yordamida ishlaydigan to‘lov tizimini yaratishini bildirdi. Jamiyat loyihani amalga oshirish uchun 8ta nomzoddan birini tanlashi ma'lum qilingan. «Toshshahartransxizmat»​ rahbari Otabek Sodiqovning aytishicha, loyihaning moliyaviy jihati kredit mablag‘larini jalb etish orqali hal etiladi. Avtobuslarda ushbu tizimni joriy etish uchun 3-4 oy muddat talab qilinishi aytilgan. 

2015 yil 8 iyul

O‘zbek-Frantsuz ishbilarmonlar forumida «Toshshahartransxizmat»​ AJ yaqin kelajakda bajarilishi kutilayotgan loyihani tanishtirdi. 2015 yilning 10-12 iyun kunlari o‘tkazilgan tadbirda Toshkent shahar yo‘lovchi tashish xizmatida avtomatlashtirilgan to‘lovni amalga oshirish haqida gapirildi

Unga ko‘ra, tizim 2016 yilga qadar joriy etilishi, undan so‘ng xizmat ko‘rsatish sifatini oshirib borish belgilangan edi. Loyiha 2013 yil 9 oktabrda imzolangan PQ-2048 son hujjat asosida amaliyotga joriy qilinishi ta'kidlangan. 

2017 yil 10 aprel

Xalqaro tajribada 10ta avtomatlashtirilgan to‘lov tizimlarini o‘rganib chiqib, «Mikroelektronika-Plyus»​ MChJ Toshkentdagi jamoat transportlari uchun ana shunday qurilmani yaratganini e'lon qildi.

Mutasaddilar sinov tariqasida poytaxtdagi 155-yo‘nalishdagi avtobuslarning bir nechtasiga moslamalar o‘rnatilgani, bu jarayon bir oy davom etishini aytgan. 

2017 yil 28 avgust

Singapurning Technobiz Transpay kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan platformada ishlaydigan ​ANOR​ loyihasi e'lon qilindi. Uning faoliyati uchun zarur bo‘lgan smart-kart sotuvi esa shahar bo‘ylab 2 mingta markazda yo‘lga qo‘yilishi aytilgan. 

2017 yil 30 oktabr

Vanihoyat, «Toshshahartransxizmat»​ AJ yana bir marta NFC (Near Field Communication - yaqin masofadagi aloqa​) tizimidagi to‘lov tizimini Uzmobile kompaniyasi bilan hamkorlikda bajarishini bildirdi. 

Loyihani ilk sinov faoliyati 2018 yil o‘rtalariga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda, avtobus va metroda, keyinroq, taksi xizmatida ham avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilishi bildirilgan.

Top