21:50 / 06.11.2017
19597

Xorijliklar uchun dunyoning eng qimmat shaharlari ma'lum qilindi

Foto: Valentin Wolf / Globallookpress.com

Singapur shahar-davlati xorijliklar uchun dunyoning eng qimmat shahri deb tan olindi. Bu haqda Economist Intelligence Unit britan jurnalining tahliliy bo‘limi hisobotida ma'lum qilindi.

Hisobotda turli shaharlardagi turmush kechirish qiymatlarini taqqoslash uchun 160 nomdagi tovar va xizmatlar, jumladan, oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy jihozlari, pardoz-andoz mahsulotlari, uy-joy ijarasi narxlari, transport xarajatlari, maktab va bolalar bog‘chasiga to‘lovlar ko‘rib chiqilgan.

Hisobot mualliflarining ta'kidlashicha, dunyoning eng qimmat shaharlari orasida asosan Osiyo megapolislari joy olgan. Bu borada Singapur qatorasiga 4 yil 1-o‘rinni egallamoqda. 2-o‘ringa Hongkong, 3-o‘ringa Shveytsariyaning Tsyurix shaharlari qo‘yilgan. 4- va 5-o‘rinlarni mos ravishda Yaponiyaning Tokio va Osaka shaharlari egallagan. Yevropa Ittifoqidan reytingning yuqori o‘ntaligiga kirgan yagona davlat Parij bo‘ldi. U Daniya poytaxti Kopengagen bilan 10-o‘rinni egallagan.

EIU mutaxassislarining ta'kidlashlaricha, Singapurda kiyim-kechak va avtomobillar qimmat turadi. U yerda oziq-ovqat mahsulotlari narxi Shanxaydagi bilan bir xil. Biroq uy jihozlari va gigiyena mahsulotlari, xizmat ko‘rsatuvchi personal narxlari bo‘yicha Singapur nisbatan arzon shahar hisoblanadi.  

Mavzuga oid
Top