Angliyada shiddatli bahslarga boy kechgan yana bir tur yakunlandi. 11 turda muxlislar birdaniga ikkita katta o‘yinga guvoh bo‘lishdi. Avvaliga «Manchester Siti» Londonning «Arsenal» jamoasini qabul qilib, g‘alabaga erishgan bo‘lsa, Manchesterning boshqa jamoasi Londonda «Chelsi» mehmoni bo‘lib mag‘lubiyatga uchradi. «Tribuna» turning asosiy voqealariga nazar tashlaydi.

VeNGeR HAKAMLARDAN NOROZI

«Men ko‘rgan voqealarni siz ham ko‘rdingiz. Ofsaydlardan urilgan gollar shousi. Men raqibning saviyasiga shubha qilmayman, ammo o‘sha noto‘g‘ri gol biz endiina hisobni qisqartirib, o‘yinda burilish yasashga urinayotgan pallamizda urildi. O‘tgan mavsumda ham biz bu stadionda ofsayddan ikki gol o‘tkazib yuborgandik» – dedi «Arsenal» murabbiyi Arsen Venger. Murabbiy shuningdek, jamoasi darvozasiga belgilangan penalti ham nohaq bo‘lganini ta'kidladi.

Vengerni tushunsa bo‘ladi, rostan ham Jyezus tomonidan gol urilgan vaziyatda unga to‘pni uzatgan David Silva yaqqol ofsaydda qolgan edi. Hatto «Arsenal»ning ba'zi himoyachilari to‘p uchun kurashdan ham chiqib ketgandi. Bu vaziyat esa, aynan Lyakazet hisobni qisqartirgan, Venger hujumga e'tibor qaratib, Jiru va Uilshirni maydonga tushirishga tayyorlanayotgan pallada ro‘y berdi. Aynan shu uchinchi gol o‘yinga nuqta qo‘ydi, deb aytish mumkin.

Penaltining bahsli bo‘lgani haqida ham fikrlar ko‘p yangradi. Ammo tan olish kerak, mezbonlar «Arsenal»ga nisbatan ancha kuchli o‘yin namoyish qilishdi va o‘sha vaziyatlarsiz ham kerak bo‘lganda gol ura olishlari sezilib turgandi. Bundan tashqari, birinchi bo‘limdagi bir vaziyatga e'tibor qaratish mumkin – «Arsenal» himoyachilari to‘pni ochiq darvozaga kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan Sterlingga qarshi biroz qo‘pol harakat qilishgan, ammo hakam bu vaziyatni e'tibordan chetda qoldirgandi.

MUXLISLAR SANCheSDAN NOROZI

Arsen Venger hakamlardan tashqari o‘z futbolchisidan ham norozi bo‘lgani tabiiy. Lyakazet, Jiru kabi futbolchilar zaxirada qoldirilib, hujum chizig‘i Aleksis Sanchesning faolliga ishonib topshirilgandi. Ammo muxlislarning tanqidlarida jon bor – aynan faollik bobida chililik hujumchi ko‘pchilikning hafsalasini pir qildi.

Sanches o‘yin davomida atigi 9.6 km yugurdi, bu londonliklar darvozaboni Piter Chexnikidan atigi 4.8 km ko‘p xolos. U bu ko‘rsatkich bo‘yicha o‘sha kuni maydonda harakat qilgan futbolchilar ichida eng past natijani qayd etdi. Hatto doimo dangasalikda va kam yugurishda ayblanadigan Mesut O‘zil Sanchesdan salkam 1.6 km ko‘p yugurgan. Aaron Remzi esa, jamoadoshidan salkam 3 kilometr ko‘proq yugurgani ma'lum bo‘ldi.