Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi qator mamlakatlar bilan faol hamkorlikka kirishdi
6 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi "Kompleks test markazi"ning ochilishi oldidan matbuot anjumanini o‘tkazdi. Tadbirda ishtirok etgan KUN.UZ muxbiri shu haqida xabar berdi.
Matbuot anjumanida Kompleks test markazi tashkil etilishining maqsad va vazifalari, xorijga borish istagida bo‘lgan, shu jumladan Koreyada ishlash istagidagi fuqarolarni sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olishning yangicha tartibi haqida so‘z bordi.
Ta'kidlash joizki, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tashqi migratsiya bo‘yicha hamkorlik masalalariga katta e'tibor qaratmoqda. Agentlik mazkur sohada Rossiya Federatsiyasi, Polsha, Janubiy Koreya va Yaponiya davlatlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Shu bilan birga, Turkiya, Ummon sultonligi, BAA, Qozog‘iston va boshqa ko‘plab mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolashga doir keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari, agentlik xorijda ishlash niyatidagi o‘zbekistonliklar uchun mamlakatda zarur shart-sharoitlarni yaratishga ham alohida e'tibor qaratmoqda.
Agentlikning dastlab to‘rt mintaqaviy bo‘limi faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligining filiallari ochildi.
Yaponiyaga yo‘l oluvchi fuqarolar uchun ketish oldidan o‘qitish va ko‘nikma hosil qilish markazi faoliyat yurita boshladi. Endi Yaponiyaga ishlash uchun ketadigan fuqarolar ushbu markazda til o‘rganib, tayyorgarlik ko‘rishadi. Markaz fuqarolarga boshlang‘ich ta'lim berish va yapon tili, madaniyati va qonunlarini o‘rganishda yordam beradi.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan Sankt-Peterburg "Mehnat resurslari markazi" davlat avtonom muassasasi bilan hamkorlikda mehnat migrantlarini Rossiyaga ketish oldidan tayyorlash va jo‘natishga doir masalalar yuzasidan Samarqandda Markaz tashkil qilish to‘g‘risidagi Memorandum imzolandi. Mazkur markaz ishga tushgandan so‘ng RFda ishga joylashish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimizning o‘qitilishi, test sinovlari, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi va to‘liq hujjatlar to‘plami bilan Rossiyada ishlash maqsadida ruxsatnoma (patent) olish uchun yuborilishi Markazning o‘zida amalga oshiriladi. Hozirda Markazning ochilishini tezlashtirish bo‘yicha zarur sa'y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Mavzuga oid
14:24 / 24.03.2023
Mehnat migratsiyasi sohasida hamon “eski tos, eski tog‘ora”. Yashirin o‘yinlar mamlakat zarariga ishlayapti
12:32 / 12.03.2023
Migratsiya agentligi Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi
20:15 / 09.08.2022
Permdagi o‘zbeklar Ukrainadagi urushda qatnashishga da’vat qilindi. Migratsiya agentligi oqibatlardan ogohlantirdi
10:56 / 26.07.2022