O‘zbekiston | 15:00 / 06.11.2017
81453
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyaga ishlashga ketishga doir tartib tubdan o‘zgardi

Foto: KUN.UZ

Mehnat faoliyatini yuritish uchun Janubiy Koreyaga ketish tartibi tubdan o‘zgardi. Bu haqida 6 noyabr kuni "Kompleks test markazi" ochilishidan avval bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi Migratsiya bo‘limi boshlig‘i Mirzayusuf Azizov bergan ma'lumotga asoslanib, KUN.UZ muxbiri xabar berdi.

Yaqin kunlarda Kompleks test markazining ochilishi Koreya Respublikasida ishlash niyatida bo‘lgan o‘zbekistonliklar uchun muayyan qulayliklar yaratadi.

Janubiy Koreyada ishlashga yo‘l olish uchun EPS-TOPIC malakaviy imtihonlaridan o‘tish zarurligi ko‘pchilikka ma'lum. Buning uchun esa eng avvalo koreys tilini bilish talab qilinadi. Koreys tilida o‘qish va muloqot qila olishiga ishongan fuqarolar o‘z bilimlarini aynan shu Kompleks test markazida sinovdan o‘tkaziladi. Darvoqe, Koreyada ishlashga da'vogarlarga qo‘yiladigan talablar: 18-39 yoshdagi, avval sudlanmagan, Koreyadan deportatsiya qilinmagan, koreys tilida so‘zlasha oluvchi O‘zbekiston fuqarolari.

Ta'kidlash joizki, fuqarolar Kompleks test markazining test rejimida ishga tushgan www.ckt.uz saytida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Koreys tilidan test topshiruvchi fuqarolar imtihon sanasini o‘zlari belgilashadi. Shundan so‘ng Kompleks test markaziga borib, shartnoma imzolashadi, to‘lovni amalga oshirgach, imtihon topshirish joyi belgilab beriladi.

Test savollari uch institut tomonidan tuzilib, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Testdan o‘tish uchun imtihon o‘tadigan joyga 1 soat avval kelish talab qilinadi. Testlarni 40 daqiqada topshirish kerak bo‘ladi.

Shunisi diqqatga sazovorki, test savollariga javob berish jarayonini ertaroq tugatgan kishilarning balli yuqoriroq bo‘ladi, ya'ni deylik ikki kishi bir xil ball olgan: biri test savollariga ertaroq, ikkinchisi esa o‘z vaqtida javob berdi, shunda savollarga ertaroq va to‘g‘ri javob bergan kishining balli yuqori bo‘ladi.

Diqqat! Test sinovlari o‘tayotgan vaqtda hech qanday elektron vositalardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Shu bilan birga, birovning o‘rniga birov kirishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Butun jarayon kuzatuv kamerasiga muhrlanadi.

Test natijalaridan norozi bo‘lgan fuqarolar 20 kun ichida appelyatsiyaga berish huquqiga ega. Ball yetmagan taqdirda, 1 oydan keyin qaytadan test topshirish mumkin bo‘ladi.

To‘lovlar haqida ma'lumot:

1. Kompleks test markaziga - 87 500 so‘m;

2. Koreyaga - 24 AQSh dollari+qo‘shimcha qiymat soliqlari.

Mavzuga oid