Mutaxassislar zamonaviy gadjyetlardan eng noodatiylarining ro‘yxatini tuzishdi. Bu gadjyetlar sentabrda o‘tgan International Consumer Electronics Show ko‘rgazmasida namoyish qilingan.

Bu borada 1-o‘rinni bir vaqtning o‘zida 4 ta sim-karta qo‘yish mumkin bo‘lgan SIM Changer Delta qurilmasi egalladi. Bunda sim-kartalarni smartfon bilan sinxronlashtirish Bluetooth orqali amalga oshiriladi. Qurilmaga 4 sim-karta o‘rnatish mumkin. Ta'kidlanishicha, qurilma nafaqat mobil aloqa operatorlarini tez-tez almashtirib turuvchilar, balki tejamkorlikni yaxshi ko‘ruvchilar uchun ham foydali bo‘ladi. Misol uchun, qurilma telefonni standart mobil aloqa uchun bir operatorga, internetda ishlash uchun boshqa operatorga ulash imkonini beradi. Qurilma ancha ixcham bo‘lib, uni sumkada olib yurish mumkin. Qurilmaning batareyasi unga 30 kun to‘xtovsiz ishlash imkonini beradi. Qurilma iOS va Android’da ishlovchi smartfonlar bilan birga ishlatiladi.

Foto: SIM Changer Delta

2-o‘rinni In Motion qutqaruv ryukzagi egalladi. U bosib o‘tilgan yo‘l, odam gavdasining fazodagi holati hamda odamning o‘zi qay holatda ekanligini kuzata oladi. Ta'kidlanishicha, ryukzakda uning egasini yiqilish va zarbalardan himoya qila oladigan bir nechta maxsus xavfsizlik yostiqchalari bor. Ryukzakning oldida o‘rnatilgan chip inson tanasi holati o‘zgarishini qayd qila oladi. Ryukzakda o‘rnatilgan giroskop inson tanasining har qanday keskin o‘zgarishini qayd qilganda, chip havo chiqarishga buyruq berib, xavfsizlik yostiqchalarini shishiradi va o‘z egasini himoyalaydi. Bu ryukzak ekstremallar uchun juda asqatadi.

Foto: In Motion ryukzagi

Mutaxassislarga Subpac M2 akustik tizimi ham noodatiy ko‘rindi. Bu gadjyet tanaga nimcha kabi kiyiladi. Gadjyet egasi uning yordamida virtual reallikka “sho‘ng‘ishi” mumkin. Qurilma virtual reallikni his qilgan holda filmlar ko‘rish va musiqalarni tinglashga mo‘ljallangan. Mutaxassislarning aytishicha, real hayotda odam portlash vaqtida tanasida  zarbani his qiladi. Bu effektni sabvuferlar  ishi orqali almashtirish mumkin. Qurilma qo‘llangan holda go‘yoki o‘ta shovqin konsertda karnay oldida turgandek his paydo bo‘ladi. Shu bilan birga qurilma atrofdagilar uchun shovqin hosil qilmaydi va eshitish qobiliyatiga zarar yetkazmaydi. Geymerlar ekranda yuz berayotgan barcha hodisalarni o‘zlarida his qilishlari mumkin bo‘ladi. Qurilma sinov vaqtida to‘ldirilgan reallik ko‘zoynaklari bilan birga qo‘llangan. Sinovdan o‘tganlarning aytishlaricha, o‘sha vaqtda ekrandagi hodisalarni his qilish maksimal darajada bo‘lgan. Mutaxassislarning fikricha, qurilma oxirgi sinovlardan o‘tkazilgach, keyingi yilda sotuvga chiqariladi.