12:00 / 07.11.2017
11574

Kim Chen Inning akasi o‘ldirilishida 4 nafar shimoliy koreyalik ayblanmoqda

Foto: EPA/STR MALAYSI

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning akasi Kim Chen Namning Kuala-Lumpur aeroportida zaharlash orqali o‘ldirilishida Shimoliy Koreyaning 4 nafar fuqarosi ayblanmoqda. Ular jinoyat sodir etilgan kuni Malayziyani diplomatik kanallardan foydalangan holda bir vaqtda tark etishgan. Bu haqda qotillik bo‘yicha jarayon olib borilayotgan Malayziya oliy sudida tergov guruhi vakili Van Azirul Nizom ma'lum qildi.  

Tergovchining aytishicha, “ayblanuvchilarning barchasi Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurga turli vaqtda – taxminan qotillik sodir etilishidan ikki haftacha oldin kelishgan, biroq mamlakatni Kim Chen Nam zaharlangan kuni – 13 fevralda bir vaqtda tark etishgan. “Tergov davomida Shimoliy Koreyaning Malayziyadagi elchixonasi xodimi va Air Koryo aviakompaniyasi vakili 4 ayblanuvchiga Jakartagacha chiptalar xarid qilishgani hamda ularga diplomatik koridordan o‘tishda ko‘mak ko‘rsatishgani aniqlandi”, deb aytmoqda tergovchi.

Tergovchining ta'kidlashicha, bu shaxslar Interpol liniyasi bo‘yicha qidiruvga berilganlar, biroq hozircha bu borada hech qanday natija bo‘lmagan. Malayziya Oliy sudi hozirda Kim Chen Namning zaharlanishi bo‘yicha ishni ko‘rib chiqmoqda. 

Ayblanuvchilar o‘rindig‘ida qotillik ijrochisi, Vetnam fuqarosi Doan Txi Xuong va Indoneziya fuqarosi Siti Aysia o‘z qilmishlari uchun javob bermoqdalar. Qonunchilikka ko‘ra, ular dorga osilish yo‘li bilan qatl etilishlari mumkin. 

Kuala-Lumpur aeroportida Kim Chen Nam yuziga zaharli modda sepib yuborilgan. Buning oqibatida u shifoxonaga yo‘lda jon bergan. Malayziya hukumatining ta'kidlashicha, Kim Chen Nam taqiqlangan asab-falajlovchi modda VX (Vi-eks) ta'siri natijasida vafot etgan.

Mavzuga oid
Top