«Tribuna» Ispaniya chempionatining navbatdagi turi yakunlarini sarhisob qiladi.

Ronaldu va Benzema Madrid derbisiga kuch saqlamoqdami?

 

«Real» bu turda «Las Palmas»ni osonlik bilan mag‘lub etdi. Ammo bu o‘yinda ham «Santyago Bernabeu»da yig‘ilganlar madridliklar jamoasi hujumchilarining gollarini ko‘rishmadi. Benzema ikki marta yaqqol golli vaziyatni o‘z odati bo‘yicha ko‘kka sovurib, hushtakbozliklarni qabul qilib oldi, Ronaldu esa yana bir necha marta raqib darvozasi to‘sini mustahkamligini tekshirib ko‘rdi, ammo u yakunda o‘yin qaydnomasiga o‘z nomini yozdirib qo‘ydi. U uchinchi golda Iskoga assistentlik qildi. Bu pasi orqali Ronaldu jamoa tarixidagi eng yaxshi assistentlar ro‘yxatida Raul Gonsalesni ortda qoldirdi (84ta pas). Ammo yulduzli duetning «och o‘yinlari» davom etadi - Ronaldu va Benzema juftligi 11 turdan keyin atigi 2ta gol urgan. Bir haftadan keyin «Atletiko»ga qarshi Madrid derbisi. Balki, futbolchilar o‘sha o‘yinda «ochlik»ni to‘xtatishar?

Bu o‘yinda mezbonlarning 20 yoshli himoyachisi Xesus Valxeo yaxshi taassurot qoldirdi.

Rafael Varanning jarohat olishi ushbu futbolchiga o‘zini ko‘rsatishga imkon bergandi. Zidan Ashrafni o‘yin qaydnomasiga kiritmadi va Valxeo asosiy tarkibda, Ispaniya chempionatida debyut qildi. Uning «Real» tarkibidagi rasmiy debyuti Ispaniya Kubogida, «Fuenlabrada»ga qarshi o‘yinda ro‘y bergan, o‘shanda ham u o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgandi. La Ligadagi debyut o‘ziga xos bo‘ldi, 35 yil ichida ilk marta klub akademiyasi tarbiyalanuvchisi bo‘lmagan yosh futbolchi debyut qildi. Valxeo 2 yil oldin «Saragosa»dan sotib olingandi, u birinchi mavsumni ijara asosida o‘tkazgan, o‘tgan mavsumda esa «Ayntraxt» klubida to‘p surgan. Bunday holat oxirgi marta 1982-83 yilgi mavsumda Pako Boneta bilan ro‘y bergan, bu futbolchi Madridga «Elche»dan kelgandi.

Messida 600

Turning markaziy uchrashuvi shanba oqshomida, «Kamp Nou»da «Barselona» va «Sevilya» o‘rtasida kechdi. Kataloniyaliklar yetakchisi Lionel Messi uchun bu yubiley uchrashuv edi, u 600-marta ushbu jamoa safida maydonga tushdi. U bu o‘yinlarda 523ta gol urgan va 30ta sovrinni qo‘lga kiritgan, ancha vaqtgacha hech kim takrorlay olmaydigan rekordlarni o‘rnatgan.