«Tribuna» Yevropa futboli uik-endini sarhisob qiladi.

Mourinoning navbatdagi mag‘lubiyati, «Yuventus»ning hasadgo‘y rahbariyati va «Real» kiyim almashtirish xonasidagi muhim – hafta o‘yinlarining asosiy voqealari.

Mourinoning futboli jonga tegdi

Foto: Getty Images

Joze Mourino mavsumda ikkinchi marta to‘g‘ridan-to‘g‘ri raqibnikiga safar qildi. Ikkinchi safar ham quruq qaytdi. «Enfild»da  portugaliyalik mutaxssis bir ochko olgandi – bu hozirgi vaziyatda yaxshi baholangandi. Ammo jamoa gol ura olmagandi ham. «Stemford Brij»da yakshanba kuni «Chelsi»ga qarshi o‘yinda ham gol bo‘lmadi. Endi «Yunayted» mavsum startini qanday zo‘r boshlagani unutildi. Mourino mavsum startidagi 7 turda yirik hisoblarda mag‘lub etgan jamoalar qaysi jamoalar bo‘lganini kuzatamiz.

1-tur. «MYu» 4:0 «Vest Hem» (11 turdan keyin 18-o‘rin)
2-tur. «Suonsi» (19-o‘rin) 0:4 «MYu»
3-tur. «MYu» 2:0 «Lester» (12-o‘rin)
4-tur. «Stok Siti» (14-o‘rin) 2:2 «MYu»
5-tur. «MYu» 4:0 «Everton» (15-o‘rin)
6-tur. «Sauthempton» (13-o‘rin) 0:1 «MYu»
7-tur. «MYu» 4:0 «Kristall Pelas» (20-o‘rin)

Autsayderlarning dodini berish bilangina chempionlik poygasida qatnashib bo‘lmaydi. Kuchli jamoalarga qarshi o‘yin uchun yaxshiroq taktika o‘ylab topish vaqti kelgan. Mourino jamoasi ijrosidagi futbol – Yevropa futbolida klassika, ya'ni eskirgan. Jozening barcha o‘yinlarga bir xilda yondashuvi katta o‘yinlarda pand berib qo‘ymoqda. Hatto «Tottenhem»ga qarshi kechgan va g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda ham mankunianliklar nima qilishni bilmay qolishgandi. Bu nafaqat Jozening uslubi shunday ekanini, balki, u o‘z jamoasining hujumdagi salohiyatiga ishonmayotganini ham anglatadi.

Joze – Pep Gvardiola qarama-qarshiligi. «Liverpul» va «Arsenal» birgalikda «Siti»dan 8ta gol o‘tkazdi. APLda Pep jamoasining hujumlariga dosh bera olishi mumkin bo‘lgan 3 jamoa qolmoqda – «Chelsi», «Tottenhem» va «MYu». «Arsenal» yakshanba kungi to‘qnashuvda yutqazib, safdan chiqdi. Venger faqat hakamlardan shikoyat qilish bilan band. Frantsuz mutaxassis jamoasi hakamlar xatolari tufayli yutqazganini aytmoqda, lekin hakamlar xato qilmaganida ham «kanonirlar» raqibdan kuchsiz edi.