19:10 / 07.11.2017
53603

Jizzax somsasini yoqtiruvchi Britaniya elchisi bilan suhbat: «Barchasi 5 yilda amalga oshirilishi shart emas​​»​

Foto: KUN.UZ

Kun.uz yangi loyihani taqdim etadi. Unda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy elchixona va tashkilot rahbarlari bilan suhbatlar havola etib boriladi. Loyihaning birinchi mehmoni sifatida Buyuk Britaniya Qirolichasi Zoti Oliyalarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Kristofer Allen bilan suhbat uyushtirildi.

Janob Allen suhbatning boshidanoq O‘zbekiston bilan avvaldan tanishligini bildirib o‘tdi.

«Talabalik davrimdanoq, taxminan bundan 20 yillar avval, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqish paydo bo‘lgandi. G‘arb uchun qisman notanish, sobiq ittifoq o‘rnidagi ushbu mamlakatni o‘rganish, o‘zbek xalqi bilan yaqindan tanishish rejamda azaldan bo‘lgan. Ingliz yozuvchisi Kollen Subronning «​Yo‘qotilgan Osiyo qalbi»​ nomli kitobi hamda Robert Bayron qalamiga mansub «​Oksianaga yo‘l»​ asari bilan tanishib chiqqanimdan so‘ng ana shu ishtiyoq menda yana alanga ola boshladi.

1998 yil O‘zbekistonga tashrif buyurishga harakat qildim, ammo ko‘p sabablarga ko‘ra bu amalga oshmadi. Shunga qaramay, mehnat faoliyatimda O‘zbekistonda ishlash nasib etdi va shu zahotiyoq rus tilini o‘rganishga kirishdim. Samarqandlik o‘zbek muallimasi nazoratida qisqa muddat ichida ko‘p narsani o‘rganishga harakat qildim. Londondagi o‘zbek diplomatlari bilan suhbatda bo‘ldim, umuman, shu yerga kelishdan avval umumiy tasavvurga ega bo‘lish uchun o‘zimni tayyorladim»​, deydi elchi.

Kristofer Allen bugungi davr O‘zbekistonda diplomat sifatida faoliyat ko‘rsatish uchun eng qiziq palla ekanini qayd etib o‘tdi. Uning fikricha, o‘zgarishlar va islohotlar yangi prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tuzilgan Harakatlar strategiyasi dasturida aniq ko‘rsatib o‘tilgan. «Ana shu ko‘rsatilgan maqsadlarning barchasi 5 yilda amalga oshirilishi shart emas, asosiysi, mana shu o‘zgarishlarni bajarish uchun siyosiy irodani ifoda etib bera olish muhim. Chunki, ayrim masalalar o‘z vaqtida va sifatli adog‘iga yetkazilishi mumkin, boshqalari esa yana uzoqroq vaqt va katta resurs talab qiladi. Barchasi birdan o‘zgarishini kutish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, davlat xizmatchilari ham, resurslar ham cheklangan. Nima bo‘lganda ham boshlangan ishlarni davom ettirish va ularni yakuniga yetkazish kerak. Biz buni kuzatib borishdan mamnunmiz», deydi Kristofer Allen.

Elchi diplomat poytaxtdan tashqariga nazar tashlashi, mahalliy aholi va tadbirkorlar bilan yaqindan suhbatda bo‘lishi juda muhim masala, deb hisoblaydi: «Ana ishonchimga sodiq qolgan holatda, mamlakatning deyarli barcha hududida bo‘ldim. Faqat viloyatlarga tashrif buyurib, turli manzaralarni ko‘rgach, amin bo‘lasizki, bu haqiqatan ajoyib va go‘zal yurt. Prezidentning o‘zi ham viloyatlarga tashrif buyurganda, avvalo, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol, aholi turmush tarziga qiziqadi. Ayniqsa, ishsizlik va yangi ish o‘rinlari yaratish masalasiga ko‘p e'tibor qaratilmoqda».

Suhbat yozib olingan ko‘rsatuvning to‘liq shaklini o‘zbek va ingliz tilida quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin.

O‘zbek tilida

Ingliz tilida

Mavzuga oid
Top