18:50 / 08.11.2017
10201

Andijondagi kasb-hunar kollejlarida nazorat turniketlaridan foydalanilmoqda

So‘nggi paytlarda kasb-hunar kollejlarida ta'lim olayotgan yoshlar o‘rtasida turli noxush holatlar ro‘y berayotgani sir emas. Andijon viloyatidagi mavjud 119ta kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilar davomatini to‘liq nazorat qilish uchun barcha ta'lim muassasalarining kirish yo‘lakchalariga barmoq izlaridan aniqlovchi turniketlar joriy qilinmoqda. Ushbu loyiha afzalligi o‘quvchi ta'lim dargohiga kelgan va kollej binosidan chiqib ketgan vaqtida uning ota-onasining uyali qurilmasiga xabar yetib boradi. Bu esa ota-onalar va o‘qituvchilar tomonidan o‘quvchilarning vaqtini unumli o‘tkazish va nazorat qilish imkonini beradi.        

Kuni-kecha Andijon milliy-hunarmandchilik va ijtimoiy-iqtisodiyot kollejida akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida o‘quvchilar bilan ma'naviy-ma'rifiy ishlarni olib borish, ularning davomatini ta'minlash, turli xil salbiy holatlarning oldini olish masalalarini hal etish bo‘yicha ta'lim muassasalarining ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, amaliyotchi psixologlari, “Mahalla” hayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi, “Nuroniy” xayriya jamg‘armasi, profilaktika inspektorlari, Yoshlar ittifoqining vakillari ishtirokida amaliy seminar-trening tashkil etildi.

“Voyaga yetmaganlar o‘rtasida turli salbiy holatlarning oldini olishda amaliyotchi-psixologlarning roli” mavzusida tashkil etilgan ushbu majlisda ishtirok etgan 150 nafar qatnashchilarga Andijon davlat universiteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi dotsentlari M.Xalimova, T.Sulaymonova hamda ta'lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lgan amaliyotchi-psixologlar voyaga yetmaganlar o‘rtasida og‘ir va ruhiy holatlar kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan psixologik tavsiya va maslahatlari bilan o‘zaro fikr almashdilar.

Shuningdek, seminar ishtirokchilari ta'lim muassasasining 5 ta guruhida o‘quvchilar bilan tashkil etilgan psixologik trening mashg‘ulotlarini kuzatdilar.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Top