«Paxtakor»ning oxirgi o‘yinlari ayniqsa hakamlik borasida o‘ziga xos munozaralarga sabab bo‘ldi. Buxoro va Jizzaxda belgilangan penaltilar, «Bunyodkor»ga qarshi o‘yindagi ofsayddan urilgan golning hisoblanishi – qisqaroq aytganda, hakam xatolarining faqat «Paxtakor»ning foydasiga sodir bo‘layotgani muxlislarda shubha uyg‘ota boshladi – «Paxtakor»ning «qulog‘idan kimdir tortmoqdami»?
Tanganing ikkinchi tomoni bor. «Xato» so‘ziga bekorga urg‘u bermadim, zero qaysidir hakamning bir jamoa foydasiga «adashishi» uning o‘sha jamoaga ataylab yon bosganini, tabiiyki, bu ishda o‘sha jamoaning ham qo‘li borligini anglatmaydi. Hech qanday isbot yo‘q bunga. Shu bilan birga, o‘sha penaltilarsiz ham balki «Paxtakor» g‘alaba qozonishi, «Bunyodkor»ga urilgan gol inobatga olinmaganda, o‘yin boshqa ssenariyda kechishi ham mumkin edi – har qanday jamoa 1:0 yutib turganida boshqacha, durang holatida boshqacha to‘p suradi, to‘g‘rimi?
Ammo o‘tib ketgan mana shu uchrashuvlar natijasida paydo bo‘lgan «bekgraund» keyingi o‘yinlarda «Paxtakor»ning zarariga ishlashi, jamoa oqibatda o‘sha go‘yoki «Paxtakor» foydasiga qilingan xatolardan zarar ko‘rishi ham mumkin.
2012 yilda «Manchester Yunayted»ning safarda «Liverpul»ga qarshi o‘yini oldidan Aleks Fergyuson qiziq gap aytgandi – «Enfild»da biror marta hakamlar bizning foydamizga penalti belgilamagan. Bunga ishonish qiyin, ammo bu fakt».
Murabbiy bu g‘alati faktni nega eslab o‘tdi, ko‘pchilik tushunmagan, ammo qizig‘i, o‘sha o‘yinda Valensiya bilan sodir bo‘lgan u qadar aniq bo‘lmagan qo‘pollikda hakam «Liverpul» darvozasiga penalti belgilaydi.
Ya'ni Fergyusonning maqsadi hakamga bosim o‘tkazish bo‘lgan, Mark Helsi esa, o‘sha vaziyatda penalti belgilamaslikdan qo‘rqib qolgandi, nazarimda. Bahsli vaziyatda «MYu»ning yana penaltisiz qolishi o‘yindan keyin murabbiyning e'tiborida bo‘lishi shubhasiz edi.
Bu voqeani nega esladim? 29-turda «Paxtakor» safarda «Nasaf»ga qarshi maydonga tushadi. Bu o‘yinni finalga qiyoslash mumkin, 2-o‘rin masalasini va balki OChL yo‘llanmasini hal qiladigan uchrashuv kutib turibdi bizni. Endi mana shunday katta bosim ostida har qanday hakamni tasavvur qilib ko‘ring.
Misol uchun, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida qarshiliklar «Paxtakor» hujumchisini jarima maydonida chalib yiqitishadi. Rostanam chalib yiqitishadi yoki hakam ikkilanadigan holat sodir bo‘ladi. Bunday vaziyatda penalti belgilash juda qiyin. Bilasizmi, avvalgi o‘yinlar natijasida shunday «stereotip» paydo bo‘ldiki, «Paxtakor» foydasiga belgilanadigan har qanday penalti hakamning «yon bosishi» o‘laroq talqin qilinadi. Bu esa, hakamga qo‘shimcha bosim yuklaydi, o‘zi bilmagan holda «Paxtakor» foydasiga penalti berishdan iloji boricha qochadi, ya'ni toshkentliklar yakunda vaziyat qurboni bo‘lib qolishlari ehtimoli bor.

















