Ofshor bank amaliyotlariga ixtisoslashgan huquqshunoslik firmasidan hujjatlarning sizib chiqishi dunyodagi eng boy va nufuzli shaxslarning, jumladan AQSh savdo vaziri Uilbur Ross va Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II’ning kuchli himoyalanuvchi sirlari haqida bilish imkonini berdi.
Bermud orollaridagi Appleby kompaniyasining Paradise Papers nomli arxivi Germaniyaning yetakchi gazetasi tahririyatiga kelib tushgan, u yerdan esa Xalqaro jurnalistik surishtiruvlar konsorsiumiga topshirildi. Avvalroq bu tashkilot 2015 yilda ofshor kompaniyasidan xuddi shunga o‘xshash ma'lumot sizib chiqishini tekshiruvdan o‘tkazgani sababli Pulittser mukofotiga loyiq deb topilgandi. Quyida Paradise Papers’dagi beshta eng yirik ma'lumot keltiriladi.
Uilbur Rossning Rossiya bilan aloqalari ancha qalin bo‘lib chiqdi

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh savdo vaziri Uilbur Ross Navigator transport kompaniyasidagi o‘z ulushini, hattoki Donald Trampning vazirlar mahkamasiga kirganidan so‘ng ham saqlab qolgan. Navigator’ning eng muhim mijozlaridan biri – Rossiyaning Sibur energetika kompaniyasi. Sibur’ning egalari esa rossiyalik milliarder Gennadiy Timchenko (Putinning yaqin do‘sti) va Rossiya prezidentining kuyovi Kirill Shamalovdir.
AQSh Davlat departamenti sobiq xodimi va Rossiya bo‘yicha ekspert Deniyel Fridning The New York Times gazetasiga bergan intervyusida ma'lum qilishicha, Sibur RF rahbariyati bilan qalin aloqalarga ega, biroq Ross buni lavozimiga ilgari surish jarayonida yashirgan.
Sibur – transport kompaniyasining oddiy mijozi emas. Times jurnalining ta'kidlashicha, 2016 yilda Navigator rahbari Devid Batters aksiyadorlar bilan yillik uchrashuv vaqtida Sibur amerikalik raqobatchilarni ortda qoldirishi va Yevropa energetika bozorini o‘z nazoratiga olishi bilan maqtangan. Ekspertlarning fikricha, Rossning Putinga juda yaqin bo‘lgan shaxslar tomonidan nazorat qilinuvchi rus kompaniyasi bilan aloqalari uning mamlakat savdo siyosatiga javobgar bo‘lgan vazirlar mahkamasi a'zosi sifatidagi vakolatlari bilan ehtimoliy manfaatlar ziddiyatini keltirib chiqaradi.
Rossning o‘zi barcha ayblovlarni rad etmoqda.

Jared Kushner Facebook va Twitter aksiyalarini Rossiya pullariga sotib olgan










