Jahon | 16:50 / 08.11.2017
9503
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp tashrifi davomida AQSh va Xitoy 9 mlrd. dollarlik bitimlar tuzdi

Foto: Reuters

AQSh va Xitoy kompaniyalari Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning Xitoyga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida umumiy qiymati 9 milliard dollar bo‘lgan qator bitimlarni imzolashdi, deya xabar qilmoqda Frans Press agentligi.

Ayni paytda ikki mamlakat vakillari 19 ta imzolangan hujjatlar haqida xabar berishgan. Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vazirining o‘rinbosari Vang Yanning so‘zlariga ko‘ra, kelishuvlar Tramp va XXR raisi Si Tszinpinning rejalashtirilayotgan uchrashuvida imzolanajak yirik bitimlardan avval shunchaki “chigillarni yozish” bo‘lgan. Ikki davlat yetakchisi o‘rtasida tabiiy gaz va soya eksporti bo‘yicha ham katta bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

Trampning Xitoyga safari maqsadlaridan biri XXR va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi savdo aloqalarini yaxshilashdir. «Xitoy bilan savdo-sotiqdagi muvozanatni tiklash prezident Tramp va raisi Si Tszinpin o‘rtasidagi qo‘shma muzokaralarning asosiy mavzusi sanaladi», - deya aytib o‘tdi AQSh savdo vaziri Uilbur Ross agentlikka.

«Iqtisodiy bitimlar bizning ikki tomonlama munosabatlarimizning muhim qatlamidir», - deya ma'lum qildi Vang Yan. Uning qo‘shimcha qilishicha, kelishuvlar ularni barqarorlashtirishga yordam beradi.

Trampning Xitoyga tashrifi 10 noyabrga qadar davom etadi. Kutilishicha, muzokaralarda ikki tomonlama savdodan tashqari, Koreya yarim oroli muammosi ham asosiy mavzuga aylanadi.

Mavzuga oid