Zimbabvening 93 yoshli prezidenti Robert Mugabe hokimiyatni egallab olishga gumon qilib 75 yoshli vitse-prezident Emmerson Mnangagvani o‘z lavozimidan bo‘shatib yubordi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
7 noyabrda Zimbabvening davlat ommaviy axborot vositalari Mnangagva va uning tarafdorlari mamlakatdagi hukmron “Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti” partiyasiga qarshi yashirin guruh yaratish yo‘li bilan prezidentni hokimiyatdan chetlatishni rejalashtirishganini ma'lum qilgandi.
Mugabe ma'muriyati vakilining aytishicha, vitse-prezident Mugabega sodiqmasligi, unga hurmatsizlik, yolg‘onchilik va ishonchli emasligini muntazam namoyish qilib kelgan va shu sababli o‘z lavozimidan chetlatilgan.
AP’ning ma'lum qilishicha, Mugabe egasiz qolgan vitse-prezident lavozimini rafiqasi Greys Mugabega ishonib topshirmoqchi.
Mugabe 1980-1987 yillar mamlakat bosh vaziri lavozimini egallagan. U oxirgi 30 yildan beri mamlakatni muttasil boshqarib kelmoqda. Shu bilan birga u hozirda dunyodagi eng keksa davlat rahbari hisoblanadi.











