22:30 / 09.11.2017
8828

«Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi uchun muhim strategik hudud»

Foto: © RIA Novosti

Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo muhim strategik hudud hisoblanadi. Bu haqda O‘zbekistonga tashrifi arafasida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Frederika Mogerini aytib o‘tdi.

10 noyabr kuni Federika Mogerini va Yevropa Ittifoqining xalqaro hamkorlik va taraqqiyot bo‘yicha komissari Neven Mimitsa Samarqandda bo‘ladi hamda «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» mintaqalararo vazirlar uchrashuvida ishtirok etishadi.

Federika Mogerini tashrifdan oldin bergan intervyusida YeI va Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik, radikallashuv va ekstremizmga qarshi kurash sohalari, shuningdek, savdo sohalarida qalin hamkorlik qilishini qayd etib o‘tgan.

«Bizning har yillik uchrashuvimiz o‘tgan yilgi yutuqlarni tahlil qilish, kelgusi rejalarni belgilab olish imkonini beradi», - degan u.

Komissar Mimitsa esa, o‘z o‘rnida YeI ham Markaziy Osiyo uchun muhim hamkor ekaniga e'tibor qaratgan.

«Biz kelgusida mintaqadagi nufuzimizni mustahkamlash niyatidamiz. Yevropa ittifoqi 2020 yilgacha ajratadigan jami 1,2 mlrd. yevro miqdoridagi mablag‘ mintaqaning barqaror rivojlanishiga yo‘naltiriladi», - degan u.

U Markaziy Osiyodagi hamkorlar bilan birgalikda yangi ish o‘rinlari yaratish, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, suv resurlarini boshqarishda samaradorlikka erishish, shuningdek, ta'lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ahvolni yaxshilashga qaratilgan loyihalar yo‘lga qo‘yilishini ma'lum qilgan.

«Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» uchrashuvida xavfsizlik, iqtisodiy taraqqiyot, siyosiy va YeIning mintaqadagi roli masalalari ko‘rib chiqiladi.

Samarqandga tashrifi davomida Federika Mogerini «Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik» mavzuidagi xalqaro konferensiyada nutq so‘zlaydi

YeI delegatsiyasi ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi. Xususan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev delegatsiyani qabul qiladi.

Mavzuga oid
Top