11:50 / 09.11.2017
26000

«Shantajchi ayol, uy uchun bir-birini urgan aka-uka, sug‘urta puli olish uchun jarohatlangan bemor» - shifokorning bir kuni

Foto: Fotolia

Yaqinda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi huzuridagi "Yosh reportyorlar" klubi a'zolari o‘z bloglarini ochishdi. Ana shu blogerlar orasida Sevara Koptileuova shifokorning bir kuni mavzusi haqida yozdi, deb xabar bermoqda Kruz.uz. Quyida ana shu blogpostni o‘qishingiz mumkin.

Shifokor nafaqat davolaydi, balki dardini eshituvchi, yaxshi tinglovchi ham ekan.

Bir kunda kasalxonaga minglab insonlar da'vosi bilan dardiga ham darmon so‘rab kelishadi. Bir kun davomida o‘zimni hamshiralar bilan birga yurib ularning "Bir kunini" o‘rgandim. Men bu yerga kelgan bemorlarning aytgan har bir shikoyatlarini eshitib o‘tirar ekanman hayratda qoldim, hatto bir og‘iz so‘z deyishga ham tilim bormadi.

1. Bir erkak qabulga kelib:

Qo‘shni ayol bor, eri va ikkita qizi bor, kecha soat 18:30larda ayol bir masala bilan kelganini aytdi, ayolim yo‘qligini aytib, tashqarida gaplashishni aytdim va tashqariga chiqqach ayol meni ko‘krak qismimga urib, kiyimlarimni yirtib tashlab, tuhmat qildi. Urayotgan vaqtida 10 tacha qo‘shni arang ajratdi va tergovchi keldi hamda tunda bezovta qilmasligini va menga ertalab shifokorga ko‘rinib material to‘plashni aytdi. Shikoyatim yuragim tez-tez urib ketyapti.

Aytib o‘tish joizki, u ayol bir kishiga emas, ko‘pchilikka tuhmat qilib tinchligini buzgan va hamma, jumladan qo‘shnilari, hamkasblari bu ayolni qandayligini yaxshi bilishini hamda hamma undan bezor, hatto tergovchi ham tunda u ayolning uyiga kirishga qo‘rqqani uchun ishni ertaga qoldirganini ta'kidlab o‘tdi. Ayolning eri piyonista, eri jabrlanuvchi kishi bilan birgalikda "Obodonlashtirish"da ishlashini, guvohlari ko‘pligini aytib oxiri sabri tugagani uchun ishni yuqorigacha olib bormoqchiligini ta'kidladi.

2. Uy-joy talashgan aka-uka.

Natijada bir-biriga jarohat yetkazishgan.

3. Onasini uydan haydagan.

Onasi uyni bolasi nomiga rasmiylashtiradi va uyga ega chiqqan o‘g‘lining xotini har xil gaplar bilan onasini uydan haydatib yuboradi. Onasi akasining uyida yashaydi va bunga opasi chidamasdan ukasini ishlarini aytsa, ukasi unga qo‘l ko‘taradi (bunga ham ayoli sababchi).

4. Qo‘li singan ayol qabulga keladi va gips qo‘ydiradi.

Keyin u tabibga boradi, tabib gipsni olib tashlab: buni qaysi ahmoq doktor qo‘ydi? - deb o‘z bilgani bo‘yicha davolaydi. Natijada qo‘li ishlamay, "nogiron" holiga kelib hamma aybni shifokor bo‘yniga qo‘yadi.

5. Sug‘urta pul uchun yugurib yurgan odamlar.

Shifokor: Bizga ko‘pchilik bemorlar keladi, hatto bemor deyish ham noo‘rin, oddiygina yuzi tirnalgan shunga vahima qilib tez yordam bilan keladi. «Kasalxonada yotmasam bo‘lmaydi, men sug‘urta pul olishga haqliman», - deb gap tortishar ekan. Sog‘lom bo‘lishiga qaramasdan kasalman deb gapiga yolg‘on qo‘shib sug‘urta pul olishini aytadi.

6. Kichkina, bog‘cha yoshidagi qiz kattalar yo‘lidan o‘taman, deb yiqilib jarohat olgan va uni tikishga to‘g‘ri keldi.

7. «Uksus» ichgan bolali yosh kelinchak

Qaynonasi bilan kelisha olmagan yosh ona «uksus» ichadi, 2 kun avval tez yordam 1 yoshli farzandini qattiq isitmaga tushgani sababli borgan bo‘lsa, bu gal onasi uchun.

8. «Daraxtdan yiqilgan 21 yoshli yigit»

Qandaydir voqea yuz bergan-u daraxtdan yiqildim, deb shifokor ko‘rigiga keldi, o‘zi yurishga imkoni yo‘q, aravada olib kelishdi.

9. «Boshdan zarba yegan onaxon»

Boshidan qattiq zarba yegan va qon to‘xtamasdan oqib, pastga qarab o‘tadi. Natijada, ikkala ko‘zi atrofi juda qizimtil rangga aylanadi.

10. «Maktab eshigida»

Eshikdan chiqishim bilan qo‘lim qisilib qoldi. Shikoyat: Sal ko‘kargan va shishgan.

11. «Bozordagi hodisa»

«O‘zi yo‘l tor, undan odamlar o‘tsinmi yoki mashinalar? Buni hal qilish uchun «Bozorkom» bilan gaplashish kerak!», - deydi bo‘lgan voqeada qatnashganlardan biri.

Katta yoshdagi ayolning oyog‘ini payqamagan haydovchi turtib yuboradi va kasalxonaga olib keladi, oyog‘ining faqat pastki qismi ko‘karib, shishgan.

Kun davomida har turli shikoyat bilan bemorlar kelishar ekan, ularga shifo tilashdan boshqa so‘zimiz yo‘q.

Top