20:40 / 10.11.2017
29011

Ko‘mir konlari «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiga o‘tkazish hamda ko‘mir sanoati korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish borasidagi tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolandi.

Prezidentning «Ko‘mir sanoatini boshqarish tuzilmasini takomillashtirish va uning korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta'minlash hamda ko‘mir sanoati korxonalarining moliyaviy barqarorligini oshirishga doir tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish maqsadida:

- «O‘zbekenergo» AJga tegishli «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJning aksiyalari paketlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning ustav kapitaliga davlat hissasi sifatida belgilangan tartibda balans qiymati bo‘yicha topshirish;

- «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan jamiyatlarning aksiyalarini boshqa aksiyadorlardan qonunchilikda belgilangan tartibda bozor qiymati bo‘yicha xarid qilgan holda «O‘zbekko‘mir» AJ va «Sharg‘unko‘mir» AJni unitar korxonalar etib qayta tashkil etish;

- «O‘zbekko‘mir» AJga qarashli hududiy distribyutorlik markazlarining 13 ta unitar korxonalarini tugatish, keyinchalik ko‘mir omborlarini «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Temiryo‘lyonilg‘ita'min» boshqarmasiga topshirish;

- «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «Temiryo‘lyonilg‘ita'min» boshqarmasining birlashgan yoqilg‘i-omborxona xo‘jaliklari negizida aholini, byudjyet tashkilotlarini, iqtisodiyot tarmoqlari korxonalarini ko‘mir mahsuloti bilan ta'minlash uchun ko‘mir omborxonalari tashkil etish to‘g‘risidagi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zbekenergo» AJ, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Moliya vazirligining takliflariga rozilik berilgan.

Prezident qarorida belgilanishicha, «O‘zbekko‘mir» UK va «Sharg‘unko‘mir» UK energiya manbalarining narxlari (tariflari) qayta ko‘rib chiqilgunga qadar ko‘mir tarmog‘i tashkilotlari tomonidan olinayotgan elektr energiya uchun haq to‘lashni X tarif guruhi bo‘yicha qonunchilikka muvofiq xo‘jalik ehtiyojlari uchun belgilanadigan energiya tizimi tariflari asosida amalga oshiradi;

Ilovaga muvofiq, «O‘zbekko‘mir» AJ tomonidan jalb etilgan kreditlar bo‘yicha berilgan «O‘zbekenergo» AJning topshiriqnomalari belgilangan tartibda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qaytadan rasmiylashtiriladi.

2017–2018 yillar kuz-qish davrida ko‘mir qazib chiqarish va respublika bo‘yicha yetkazib berishning reja-jadvali tasdiqlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari — «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvchi raisi A.J. Ramatov, «O‘zbekko‘mir» UK, «Sharg‘unko‘mir» UK rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar hokimlari zimmasiga:

- kuz-qish davrida aholiga hamda byudjyet tashkilotlariga ushbu qaror bilan tasdiqlangan hajmlarda ko‘mir mahsuloti o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini;

- ko‘mir mahsulotini yetkazib berishning barcha bosqichlarida uning saqlanishini;

- byudjyet tashkilotlari uchun ko‘mir mahsulotiga narx belgilanishi darajasi, aholiga sotiladigan ko‘mirning chakana narxiga rioya etilishi, shuningdek, ularning asossiz ravishda qimmatlashib ketishining oldini olish va chek qo‘yish choralari ko‘rilishi ustidan samarali nazoratni ta'minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklangan.

«O‘zbekko‘mir» UK va «Sharg‘unko‘mir» UK obektlarini qo‘riqlash «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning Harbiylashtirilgan qo‘riqlash boshqarmasi kuchlari tomonidan amalga oshiriladi.

Top