Jahon | 12:05 / 10.11.2017
9636
3 daqiqa o‘qiladi

Mogerini: Qirg‘izistondagi saylovlar butun mintaqa uchun namunaga aylandi

Foto: Reuters

Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari butun Markaziy Osiyo mintaqasi uchun namuna bo‘lishi kerak. Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini Bishkekda Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev bilan uchrashuvda shu haqda gapirdi, deb xabar bermoqda Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati.

Uning fikricha, Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari «ochiq va shaffof o‘tdi». «So‘nggi yillarda Qirg‘izistonda saylov jarayonini takomillashtirish va shaffofligini oshirish bo‘yicha juda muhim ishlar amalga oshirildi, bu nafaqat Qirg‘iziston, balki butun mintaqa uchun namunadir», - deya YeI vakilining so‘zlarini keltiradi matbuot xizmati.

Idoraning xabar berishicha, Mogerini Yevropa Ittifoqi Qirg‘iziston bilan hamkorlik bo‘yicha yangi bitimni imzolash niyatida ekanini bildirdi. «U Yevropa Ittifoqi yaqin kelajakda YeIning Qirg‘iziston bilan chuqur sheriklik va hamkorlik bo‘yicha yangi bitimni tuzishga doir muzokaralarni boshlash uchun tayyorligini bildirdi», - deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, Atamboyev Qirg‘izistonga taqdim etilgan yordam uchun Yevropa Ittifoqiga minnatdorchilik bildirdi. Uning fikricha, jamiyatning sheriklik bo‘yicha yangi bitimni imzolashga bo‘lgan intilishi «Yevropa Ittifoqi tomonidan Qirg‘izistonning demokratiya va parlamentarizmni yanada mustahkamlash majburiyatiga nisbatan katta ishonchni bildiradi». Qirg‘iziston prezidenti Mogerinini «respublika va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi», shuningdek, «ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga» yordam bergani uchun «Do‘stlik» ordeni bilan ham taqdirladi.

Yevropa Ittifoqi Qirg‘izistonni islohotlarni amalga oshirishda qo‘llab-quvvatlashda davom etmoqchi, deya ta'kidlab o‘tdi Mogerini. Bundan tashqari, YeI vakili Qirg‘iziston hukumati YeXHT Demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha Byurosining saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi «tavsiyalarini bajarishi kerak», deb hisoblaydi. «YeI taraqqiyot sohasidagi yordam orqali mamlakatning barqaror rivojlanishiga ham yordam beradi», - deya ta'kidlanadi xabarda.

Mavzuga oid