Jamiyat | 09:55 / 10.11.2017
5191
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda noshirlar klubi tashkil etildi

2017 yilning 9 noyabr kuni O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida respublikamizda faoliyat yuritayotgan nashriyotlar «Bosh muharrirlari klubi»ning ta'sis majlisi bo‘lib o‘tdi.  

Unda Matbuot va axborot agentligi qoshida mulkchilik shaklidan qat'i nazar, barcha turdagi nashriyotlar bosh muharirlarining jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi «Bosh muharrirlar klubi» tashkil etilganligi e'lon qilindi.  

Mazkur Klub noshirlik sohasidagi yutuqlarni keng targ‘ib qilish, mavjud muammolarni o‘zaro hamkorlik va hamjihatlikda yechish, sohani yanada rivojlantirish, uning istiqbol rejalarini, taraqqiyot tendetsiyalarini belgilash, kitob bozoridagi ehtiyojlarni marketing nuqtai nazaridan professional baholash, xorijiy tajribani o‘rganish va tatbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.  

Ta'sis majlisida klub raisi etib, taniqli jurnalist, tajribali noshir, «Sharq» nashriyot-matba aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov, kotib vazifasiga esa «Adolat» nashriyoti bosh muharriri Abdulhamid Omonov saylandi.

Majlisda klubning faoliyati norasmiy va erkin ekanligi, unga nafaqat muharrirlar, balki barcha nashriyot mutaxassislari, xususan, dizayner va rassomlar, texnik muharrir va musahhihlar ham a'zo bo‘lishi mumkinligi aytildi.

Klub a'zolari oldindan tasdiqlanadigan reja asosida har oyda bir marta sohaning eng dolzarb mavzu va muammolariga bag‘ishlangan yig‘inlarini o‘tkazib borishga kelishib olishdi.