11:31 / 11.11.2017
27242

Inkassatorlar uchun 300 ta “UAZ” yo‘ltanlamaslari xarid qilindi 

Foto: KUN.UZ/Illyustrativ surat

O‘zbekiston inkassatsiya xizmati Rossiyaning Ulyanovsk avtomobil zavodida ishlab chiqariladigan 200 ta “Patriot” va 100 ta “Pikap” rusumidagi yo‘ltanlamaslarga buyurtma berdi. Bu haqda zavod matbuot xizmati ma'lum qilgan. O‘zbekistonga jo‘natilgan ikkala model ham oq rangga, “Klassik” komplektatsiyasiga ega. Toshkentda UAZning mahalliy hamkorlari mashinalarni inkassatsiyada qo‘llash uchun maxsus tayyorlaydilar.

“O‘zbekistonda UAZ avtomobillariga an'anaviy ravishda birinchi navbatda huquq-tartibot idoralari va bir qator korporatsiyalar tomondan talab katta. Yaqin orada biz mahalliy hamkorlarimiz ko‘magida O‘zbekiston avtomobil bozorida ham ishtirokimizni kengaytirmoqchimiz”, deb aytgan UAZning eksport bo‘yicha direktori Andrey Dorofeyev.

O‘z navbatida “O‘zR Markaziy banki Respublika inkassatsiya xizmati” DUK bosh direktori birinchi o‘rinbosari Azizxon Hamidov UAZ yo‘ltanlamaslarining qaysi jihatlari inkassatsiya xodimlari tomondan yuqori baholanishi haqida so‘zlab berdi: “Markaziy bank xizmatida UAZ avtomobillari o‘zini ishonchli va chidamli mashinalar sifatida ko‘rsata olgan. Shu sababli UAZ avtomobillari yana bejiz tanlanmadi hamda UAZdagilar Respublika inkassatsiya xizmati so‘rovlariga hammadan tez javob beradilar va maxsus vazifalarni bajaruvchi texnikalarini maqbul narxlarda taklif qiladilar. O‘zbekistonda valyuta bozori erkinlashtirilishi e'lon qilinishi bilan inkassatsiya xizmati oldida turgan vazifalar hajmi oshdi, inkassatorlik mashinalari parkida yangi mobil texnika hajmi ham shunga monand ko‘paydi”. 

Ayni vaqtda inkassatsiya xizmati “Captiva” va “Orlando” mashinalaridan foydalanib keladi.

Top