15:25 / 11.11.2017
10098

Italiya 60 yilda ilk bor JChni o‘tkazib yuborishi mumkin

Italiya jahon chempionatiga pley-off bosqichida birinchi o‘yinni yutqazdi. Shvetsiya maydonida kechgan birinchi uchrashuvdan 0:1 hisobida mag‘lubiyat bilan qaytgan italyanlar javob uchrashuvida kamida ikki gol urishi talab etiladi.

Foto: Getty Images

Italiyaliklar bu o‘yinda Jampero Ventura davrida an'anaga aylangan 4-2-4 o‘rniga 3-5-2 sxemasidan foydalandi, ammo bu sxema ko‘rsatgan natija shu bo‘ldiki, Shvetsiyaga qarshi o‘yinda faqat bir marta zarba berildi - himoyachi Darmianning zarbasi to‘sindan qaytdi.

Lekin Ventura uchun shu ham yetarli ekan, u mag‘lubiyatni adolatsiz, deb atadi.

«Men Buffon biron jiddiy seyv qilganini eslay olmayman - ular xavfli vaziyatlar yaratishmadi. Biz bunga yo‘l qo‘ymadik. Bizda esa juda xavfli hujum bo‘ldi - darvoza to‘sini to‘pni qaytardi».

U o‘yindagi hakamlikdan ham noligan. «Umid qilamanki, Milanda bizga hakamlar bugun Shvetsiyaga ruxsat bergan kabi ruxsat berishadi».

Foto: Getty Images

U bu gapi bilan Toyvonenning Bonuchchiga qilgan qo‘polligini nazarda tutgandi. O‘yinning 30-soniyasidanoq italiyalik himoyachi burni singan holda harakat qilishni boshladi.

«Uni maydondan chetlatish kerak edi. Qattiqqo‘lroq hakam bo‘lganida bu o‘yinda kamida bitta futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatgan bo‘lardi», deya ishonch bilan gapirdi o‘yindan keyin Bonuchchi.

Ayni vaqtda internetda #VenturaOut heshtegi ommalashdi. Italiyalik muxlislarga terma jamoa jahon chempionatidan qolib ketish xavfi ostida qolib ketgani umuman yoqmayapti.

Birinchi va oxirgi marta Italiyasiz jahon chempionati 1958 yilda kuzatilgan. O‘shanda barchasi aqlga sig‘mas darajada ro‘y bergandi. O‘sha jahon chempionatigacha o‘tkazilgan mundialda ikki marta chempion bo‘lgan Italiya saralash bosqichida muammoga duch keladi. Lekin italiyaliklarni oxirgi turda Shimoliy Irlandiya bilan o‘yinda durang ham qoniqtirardi.

Ammo bu tarixga tabiat araralashadi. O‘yinni boshqarishi kerak bo‘lgan vengriyalik hakam Ishtvan Jolt (u Vengriyadagi opera teatrida ishlagan) qalin tuman tufayli Londonda ushlanib qolib, Belfastga yetib bora olmaydi. Natijada, o‘yinga britaniyalik hakamlar tayinlanadi, italiyaliklar esa bunga qattiq norozilik bildirishadi.

Yakunda FIFA bu o‘yinni o‘rtoqlik uchrashuvi maqomida o‘tkazish haqida qaror chiqaradi. O‘yinda italiyaliklarni qoniqtiradigan natija - 2:2 hisobi qayd etilgandi. O‘yin o‘ta asabiy ruhda o‘tgan, mezbon jamoa fanatlari stadionga tushib ketishgandi.

Bir oy o‘tib, rasmiy uchrashuv ham o‘tkaziladi, ammo bu o‘yin Italiyaning 1:2 hisobidagi mag‘lubiyati bilan tugaydi va italyanlar ilk marta mundialdan qolib ketishadi.

Foto: Getty Images

1998 yilda ham Italiya saralash bosqichida muammoga duch kelgan. Ammo o‘shanda moviy gvardiya Rossiyaga qarshi o‘yinlarda (1:1, 1:0) ustun kelib, Fransiyadagi mundialga ilinib qolgandi.

E'tiborli jihati o‘shanda, Moskvada o‘tgan birinchi o‘yinda Janluiji Buffon asosiy darvozabon jarohati tufayli terma jamoadagi debyutini o‘tkazgandi. Endi Jijining o‘zi ham 20 yillik sarguzashtlari pley-offda tugashi mumkinligini istisno etmayapti: «Bunday og‘ir vaziyatda voqealar rivojining turli variantlari bor. Hatto shunaqasi ham».

Mavzuga oid
Top