Vaqt yana iyulga qaytib qolgandek. Hamma Neymar haqida gapiryapti. Uning goh Emeri bilan, goh jamoadoshlari bilan mojarolari, gohida «Real»ga transferi yoki «Barselona»ga qaytishi haqidagi gap so‘zlar - bularning barchasi aslida braziliyalik futbolchining Parijda o‘zini baxtsiz his qila boshlagani bilan bog‘liqdek. Parijda o‘zini baxtsiz his qilish mumkinmi? Ha, agar siz Neymar bo‘lsangiz...
Aslida Neymar hammasini to‘g‘ri qilgandi go‘yo. Butun dunyoni hayrat ko‘chasiga yetaklagan summa evaziga dunyo markazlaridan biri bo‘lmish Parijga o‘tish, yangi jamoada asosiy va eng charog‘on yulduz sifatida porlash va balki «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritish. Messining soyasida dunyoning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lish imkonsizdek, Inestadan so‘rang, goho jahon chempioni bo‘lish ham yetmay qoladi. Pul yoki e'tiborni bir chetga surib qo‘ysak, Neymarning «PSJ»ga o‘tishini mana shunday futbol ambitsiyalari asosida ham tushunish qiyin emasdi. Ammo ko‘p jihatlar Neymar kutganidek bo‘lib chiqmadi. Misol uchun:
FRANTsIYa CheMPIONATI

Tan olish lozimki, «Liga 1» La Liga emas. «PSJ» «Barselona» emas. Albatta, ilk kunlarda, ilk turlarda Neymarning debyut o‘yinlari barchaning e'tiborida bo‘ldi. Faqat boshida. Tasavvur qiling, Neymar ajoyib gol urib jamoasiga g‘alaba keltirgan kunning ertasiga uyg‘onadi-yu, qarasa, butun dunyo u haqida gapirmayapti. Dahshat. O‘z vaqtida yutub qiroli bo‘lgan, «Barselona»dan aynan soyada qolmaslik uchun ketib qolgan Neymar uchun bu juda yomon. Rostan ham «PSJ»ning «Renn» yoki «Tuluza»ga nechta gol urishi hech kimga kerak emas. To‘g‘ri, «Xetafe»lar Ispaniyada ham bor, lekin «Real» bilan raqobat fonida, shuningdek, butun dunyoga tarqalgan «Barselona» muxlislari orasida o‘sha o‘yin ham «trend» sifatida kuzatilardi. Fransiyada unday emas. O‘z vaqtida Devid Bekhemdan tortib, Zlatan Ibrahimovichlargacha bu jarayonni o‘z boshlaridan kechirgan. Agar Chempionlar Ligasini aytmasa, MLS nima-yu, Liga 1 nima...
JAMOADOShLAR

Neymar qarasa, uni Parijda intizorlik bilan kutgan futbolchilar u qadar ko‘p emas ekan. Bu yerda ham o‘z Messilari, Suareslari bormush... Albatta, Kavanini Messi bilan taqqoslash noo‘rin. Mahoratini aytmayapman. Messi yoki Inesta uchun «Barselona» o‘ziniki edi, ular jamoaning kuchliroq bo‘lishini istashar, yordamga Neymar kabi yulduzlar kelsa, quchoq ochib kutib olishardi. Messi hech qachon o‘zining Neymar bilan solishtirishlari haqida o‘ylamasdi, uning «Barselona»ga munosabati bunday fikrlardan balandroq edi. Kavani esa, xuddi Neymar kabi yollanma, faqat sal ertaroq kelgan. U ham ko‘proq gol urishni istaydi. Nihoyat Fransiya Ligasi ham «Oltin butsa» koyeffisentlarida 2.0 ga chiqqach, bu sovrinni ham qo‘lga kiritishni istaydi. U uchun Neymar bu yo‘ldagi bir raqobatchi xolos. Penalti va jarima to‘plarni talashib, voqea juda kattalashib ketgani yorqin misol. Neymar Parijga kelayotganda, bunday bo‘lishini kutmagani tabiiy.


















