"Men uni har gal ko‘rganimda, u menga shunday deydi: "Men buni qilmadim", va u buni jiddiy aytayotganiga ishonaman", - deya aytib o‘tdi Tramp. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya yetakchisi bilan bu masala bo‘yicha tortishuvga borishni istamaydi. Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, Putin Moskva go‘yoki AQShdagi saylovlar natijalariga ta'sir ko‘rsatgani bo‘yicha gap-so‘zlardan "juda xafa".
"Prezident Putin bunga qandaydir aloqasi borligini juda qat'iylik bilan rad etmoqda. Bu borada bahsga kirishish kerak emas, Suriya hamda Ukraina haqida gaplashishni boshlash lozim", - dedi Tramp. Shu bilan birga, u AQShdagi saylovlarga "Rossiya aralashuvi" bo‘yicha surishtiruvlar "demokratlar tashabbusi bilan boshlangani" haqida ham aytgan.
Bundan tashqari, AQSh yetakchisining qayd etishicha, Putinga nisbatan shubhalar unga Rossiya rahbari bilan yanada yaqinroq munosabatlar qurishga xalaqit bermoqda, bu esa KXDR muammosi bo‘yicha munozarani samarali olib borishga kerak bo‘ladi. Uning fikricha, Rossiya AQShga bu masalada jiddiy ko‘mak berishi mumkin. "Gap millionlab odamlar hayoti haqida ketmoqda. Bu bolalar o‘yinchog‘i emas, balki juda muhim ish. Rossiya va Xitoy bizga yordam bersa, muammo tezroq o‘z yechimini topadi", - deya aniqlik kiritgan Tramp.











