12:45 / 13.11.2017
15941

«​Iste'dod» faoliyati tubdan yangilanmoqda. Rahbariyatda katta o‘zgarish

Joriy yilning 27 iyul kuni Prezident farmoniga muvofiq, jamg‘armaning nomi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining chet elda stipendiatlarning malaka oshirishi, stajirovka o‘tashi va ta'lim olishini tashkil etish «ISTE'DOD» jamg‘armasi»ga o‘zgartirilgandi. Shu bilan uning tarixida tub burilish yaratilmoqda.

«ISTE'DOD»ning asl maqsadi yuqori malakali, xalqaro mehnat bozorida raqobatbardosh yetuk mutaxassislarni jahonning nufuzli ta'lim va ilmiy muassasalarida magistratura va PhD dasturlari asosida tayyorlashdan iborat. Shu orqali respublika iqtisodiyotining ustuvor sohalarini rivojlantirishga ko‘maklashish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Ta'kidlash joizki, jamg‘arma tashkil etilganidan buyon o‘tgan 14 yil mobaynida mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun jami 12 mlrd so‘m ajratilgan. Endilikda gap 42 mlrd so‘m haqida bormoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, 2017/18 o‘quv yilida jami 600 nafar ilmiy xodim malaka oshirishga, shuningdek, 40 nafar ilmiy xodim doktorantura va 75 nafar talaba magistratura bosqichida tahsil olish uchun chet elning eng nufuzli oliygohlariga yuborilishi rejalashtirilgan.

Ana shu ishlarni samarali amalga oshirish maqsadida jamg‘arma ijrochi direktori etib, shu paytgacha Toshkentdagi Xalqaro Vestminster Universiteti, Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universiteti, Prezident huzuridagi Davlat Boshqaruv Akademiyasi rektori vazifasida mehnat qilgan Abdujabbor Abduvohidov tayinlangan.

Ijrochi direktor o‘rinbosarlari esa professor Abdunabi Pardayev hamda sobiq Kamolot YoIH MK raisi, Prezident Devoni yoshlar siyosati masalalari sektori rahbari lavozimida muvaffaqiyatli faoliyat olib borgan Bahodir G‘aniyev tayinlandi.

Mavzuga oid
Top