O‘zbekiston | 23:21 / 13.11.2017
16442
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident geologiya sohasining bugungi holatini tanqidiy tahlil qildi

13 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, mineral-xomashyo va qimmatbaho metallar resurs bazasi hamda ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha muhim strategik loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqida Prezident matbuot xizmatida xabar berildi

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizni 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi faoliyati samaradorligiga alohida e'tibor qaratib, sohada ishlab chiqarishni ko‘paytirish va yangi fabrikalar qurish bo‘yicha vazifalar belgilab bergan edi. 

Shunga muvofiq, yer qa'rini kompleks geologik o‘rganish hamda uzoq istiqbolga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish ishlari yangi bosqichga chiqdi. Joriy yilning o‘zida Prezidentning sohaga oid besh qarori va Vazirlar Mahkamasining qator qarorlari qabul qilindi. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 24 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tizimida yagona geologiya xizmatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq sohada yangi tizim yaratildi. 

Yer qa'rini geologik o‘rganish, undan foydalanish va muhofaza qilish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, konchilik munosabatlarini boshqarish, mineral-xomashyo bazasini jadal rivojlantirish va qayta to‘ldirilishini ta'minlash, xomashyoning yangi turlari va konlarini qidirish, geologiya-qidiruv ishlariga zamonaviy uslub va yuqori texnologiyalarni joriy qilish, kadrlar malakasini oshirish Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining asosiy vazifalari etib belgilandi. 

Navoiy kon-metallurgiya kombinatining «Qimmatbaho metallar va uran geologiyasi» ilmiy-ishlab chiqarish markazi hamda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Rangli metallar geologiyasi» ilmiy-ishlab chiqarish markazi qo‘mita tarkibiga o‘tkazildi. Bugungi kunda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi tarkibida 32 tashkilot 4 yo‘nalish bo‘yicha faoliyat yuritmoqda. 

Qo‘mitaning vazifa va vakolatlari kengaydi, yangi konlar topish va zaxiralarni ko‘paytirishga qaratilgan salohiyati oshdi. Geologik o‘rganilayotgan foydali qazilma turlarining soni 12 dan 35 ga yetdi. 

Geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish maqsadida soha izchil modernizatsiya qilinmoqda. Laboratoriya-tahlil uskunalari yangilanmoqda. Masalan, ilgari ruda tarkibidagi 32 element aniqlangan bo‘lsa, yangi zamonaviy texnologiyalar samarasida bugungi kunda 74 foydali modda aniqlanmoqda. 

Ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida geologiya-qidiruv jarayoniga 2018 yildan aerogeofizik usul va uskunalarni joriy qilish rejalashtirilgan. Bu istiqbolli geologik resurslarni yuqori aniqlikda belgilash imkonini beradi. 

Biroq hali soha oldida qator dolzarb masalalar mavjud. Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi yer qa'rini geologik o‘rganish, foydalanish, muhofaza qilish va boshqarishga mas'ul organ etib belgilanganiga qaramasdan, uning faoliyati geologiya-qidiruv ishlarini bajarish bilan chegaralanib qolmoqda. 

Yig‘ilishda geologiya sohasining bugungi holati tanqidiy tahlil qilindi. Yer qa'ridan oqilona foydalanish, muhofaza qilish va konchilikni boshqarishda aniq mexanizm mavjud emasligi, bu sohaga yetarlicha e'tibor berilmagani ko‘rsatib o‘tildi. Bu sohada ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rgangan holda Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasining butunlay yangi tuzilmasi va yo‘nalishlarini ishlab chiqish, salohiyatini oshirish zarurligi ta'kidlandi. 

2017-2021 yillarga mo‘ljallangan mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta to‘ldirish davlat dasturi doirasida geologiya-qidiruv ishlari jadval asosida amalga oshirilmoqda. Joriy yilda Foydali qazilmalar zaxiralari bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan 13 kon bo‘yicha zaxiralar tasdiqlanib, sanoatda o‘zlashtirishga tayyorlandi. Yil oxirigacha yana 13 kon bo‘yicha zaxiralar tasdiqlanishi rejalashtirilgan. 

Mavzuga oid