21:40 / 13.11.2017
21049

«U mamlakatni gullab-yashnayotgan chamanga aylantirdi». Imomali Rahmonning qizi otasi haqida

Foto: Aziya-Plyus

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonning to‘ng‘ich qizi Ozoda Rahmon «Tojikiston Oliy Kengashining 16-sessiyasi: tinchlikning boshlanishi va barqarorlik» nomli risolada o‘z maqolasi bilan mualliflar qatoridan joy oldi.

Risola mualliflari ana shu sessiyaning muhim ahamiyati va yangi Tojikistonni yaratishda Imomali Rahmonning ichki hamda jahon miqyosida tutgan siyosiy yo‘lini e'tirof etadi.

«Sessiya bo‘lib o‘tganiga ham 25 yil to‘ldi. Xalqimiz uchun bu davr o‘zlikni anglash, madaniyatni rivojlantirishga imkon berdi. Millat nomini jahonda erkin ifoda etishimizda - sessiyaning o‘rni beqiyos», deb yozadi Ozoda Rahmon.

Prezident qizi yozgan maqolasida otasining zimmasiga yuklangan mas'uliyat va ana shu sessiyadan so‘ng hal etilgan etnik mojarolarga to‘xtalib o‘tgan. «Tojikistondagi urushni Imomali Rahmon to‘xtatib qoldi, qolaversa, u mamlakatni gullab-yashnayotgan chamanga aylantirdi», deyiladi maqolada.

39 yoshli prezident qizi o‘tgan yili Tojikiston prezidenti Ijroiya devoni rahbari etib tayinlangandi. U yuridik fanlar nomzodi, 2000 yilda Tojikiston Milliy universitetini tamomlagan. Shundan so‘ng AQShning Jorjtaun va Merilend universitetlarida tahsil olgan, biroz o‘tib, Tojikistonning AQShdagi elchixonasida diplomat-attashe lavozimida faoliyat olib borgan.

2009 yili u Tojikiston Tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari etib tayinlangan. Turmush o‘rtog‘i Jamoliddin Nuraliyev esa Tojikiston Milliy banki raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlaydi.

Top