08:20 / 14.11.2017
6129

OAV: AQSh armiyasida ruhiy muammolarga ega bo‘lganlarga xizmat qilishga ruxsat berildi

Foto: AP

AQShda ruhiy muammolarga ega bo‘lganlarni armiyaga xizmatga olishga taqiqlov bekor qilindi. Bu haqda USA Today nashri xabar bermoqda. 

Ta'kidlanishicha, endi AQSh armiyasiga avval o‘ziga-o‘zi shikast yetkazish bilan shug‘ullanganlar, depressiyadan aziyat chekkanlar, aroqxo‘rlik va giyohvand moddalar qabul qilish bilan bog‘liq muammolarga ega bo‘lganlar qabul qilinishlari mumkin.

Nashr ma'lumotlariga ko‘ra, bu qaror avgustda qabul qilingan, biroq u haqda ommaviy e'lon qilinmagan. Nashrning taxminicha, bu qaror 2018 yil sentabrigacha qo‘shimcha 80 ming harbiy xizmatchini safarbar qilish zarurati bilan shartlangan.

O‘tgan yil 69 ming kishini safarbar qilish talab qilingani sababli, armiyaga marixuana iste'mol qilganlar, xizmatga yollanishda sinovlarda yomon natijalar ko‘rsatganlar ham qabul qilinganlar. Shuningdek, armiya safiga kirmoqchi bo‘lganlarga pul taklif qilingan.    

AQShda 2009 yilda ruhiy muammolarga ega bo‘lganlarga armiyada xizmat qilish taqiqlangandi. Bu qaror asosan harbiy xizmatchilar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘p sodir bo‘lishi bilan bog‘langan bo‘lgan. 

Top