07:30 / 15.11.2017
18309

Qirg‘iz somining yubileyiga noodatiy yangi kupyura chiqarilmoqda

Qirg‘izistonda milliy valyuta – somning muomalaga kiritilishi va Qirg‘iziston mustaqilligining 25 yilligi munosabati bilan 2 ming somlik yangi kupyura chiqariladi. Bu haqda Qirg‘iziston milliy banki raisi Kuvanchbek Kulmatov ma'lum qilgan.

Uning aytishicha, yangi banknota 17 noyabrdan muomalaga chiqariladi. Kupyura qirg‘iz davlatchiligining vujudga kelishi tarixini aks ettiruvchi original dizaynga ega. E'tiborlisi, yangi kupyurada tasvirlar vertikal yo‘nalishda tasvirlangan.

“Banknotaning old tomonidagi asosiy syujyet – milliy qahramon, banknotada ornamental shakllar tarzida ifodalangan qirg‘iz qavmlarini birlashtirgan Manas haykalidir. Umay Ene ramzi, ko‘chmanchi xalqlar turar joyi – o‘tov farovonlik va mo‘l-ko‘lchilik ramzi sifatida tasvirlangan”, deb ma'lum qildi milliy bankning pul birliklari boshqarmasi boshlig‘i Madina Ashiraliyeva.

Banknotaning orqa tomonida hayot va qirg‘iz xalqi farovonligi ramzi sifatida daraxt tasvirlangan. Xon-Tangri tog‘ining tasviri qirg‘iz xalqining mustaqilligi, yuqori marralar va yutuqlarga intilishini ifodalaydi. Issiq-Ko‘l uzra parvoz qilayotgan burgut esa qirg‘iz xalqining ochiqligi va erkinligini bildiradi.   

Yangi kupyurada uni qalbakilashtirishning oldini olish maqsadida bir qator himoya unsurlari qo‘llangan:

- rangli gologramma. Banknota chapdan o‘ngga egilganda 25 raqami milliy naqsh tasviriga o‘zgaradi va aksincha;

- mikrooptik tasma. Banknotani ko‘rish burchagi o‘zgartirilganda tasmada 3 o‘lchovli chuqurlik effekti, harakatlanish va yaltirash effekti akslanadi;

- yashirin tasvir. Banknota egilganda rangdor polosalar paydo bo‘ladi;

- suv belgisi. Uch o‘lchovli ko‘p tusli suv belgisi qo‘llangan.

- banknota yorug‘likka tutilganda uning old va orqa tomonidagi ustma-ust tushuvchi tasvirlar 2000 sonini shakllantiradi.

“Bu banknotalar terminallarga yuklanmaydi. Buning texnik jihatdan imkoni yo‘q. Ushbu banknota yagona tirajda chiqariladi. So‘ngra boshqa bosilmaydi. Umid qilamanki, biror yubiley sanalarga banknotalar chiqarish an'anaga aylanadi”, deb aytgan Qirg‘iziston markaziy banki rahbari.

Top