14 noyabr kuni oqshomida Zimbabve harbiylari mamlakat poytaxti Xararega tanklar bilan kirishdi va qariyb 40 yildan buyon hukmronlik qilib kelayotgan, 100 yoshida ham davlat rahbari bo‘lib qolishni rejalashtirgan Robert Mugabe hamda uning oilasini hibsga olishdi. Tez orada mamlakat Moliya vaziri Ignatsius Chombo ham isyonchilar qo‘liga tushdi. Davlat teleradiokanali qo‘lga olingach, harbiy davlat to‘ntarishiga boshchilik qilgan harbiylar chiqish qildi.
Jonli efirda harbiy formadagi ikki zobit bu harakatni «davlat to‘ntarishi» emasligini, prezident va uning rafiqasi hayoti xavf ostida emasligini iddao qilishdi. Ular aholini tinchlanishga chaqirib, zo‘ravonliklar ro‘y bermasligiga ishontirishdi.

«Bu hukumatga qarshi harbiy davlat to‘ntarishi emas. Biz xalqni ishontirib aytamizki, prezident va uning oilasi xavfsizlikda, biz uni kafolatlaymiz. Biz prezident atrofidagi jinoyatchilarni javobgarlikka chaqiramiz, ularning harakatlari ijtimoiy va iqtisodiy inqirozni keltirib chiqardi», — dedi harbiylar.
Hukumatdagi «Zimbabve Afrika Milliy ittifoqi - Vatanparvarlar fronti» partiyasi bu «millatni sog‘lomlashtirish» yo‘lidagi qadam ekanini ma'lum qildi. «Zimbabve ham, partiya ham Mugabega yoki uning rafiqasiga tegishli emas. Bugun yangi era boshlandi», deyilgan partiya bayonotida.
Telekanal orqali chiqish qilganlardan biri armiya shtabi boshlig‘i, general-mayor S.B.Moyo harbiylar Mugabega emas, uning atrofidagi jinoyatchilarga qarshi ekani haqida gapirdi.
Xarareda vaqti vaqti bilan otishma ovozlari eshitilib turibdi, artilleriyadan o‘t ochilmoqda.

Bu vaqtda Zimbabvening JARdagi elchisi ham mamlakatida harbiy to‘ntarish yuz berganini inkor etgan.
Zimbabveda siyosiy inqiroz shu oy boshida boshlangandi. 6 noyabr kuni Mugabe vitse-prezident, o‘z vorisi sifatida qaraluvchi 75 yoshli Emmerson Mnangagvuni jodugarlar yordamida hokimiyatni qo‘lga olishga urinishda ayblab iste'foga chiqarib yuborgandi.
Mnangagva va uning tarafdorlari mamlakatdagi hukmron «Zimbabve Afrika milliy ittifoqi – Vatanparvarlik fronti» partiyasiga qarshi yashirin guruh yaratish yo‘li bilan prezidentni hokimiyatdan chetlatishni rejalashtirishgani ma'lum qilindi. Mnangagvu mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘ldi.























