Jarohatlar Garet Beylning faoliyatiga juda katta to‘siq bo‘lmoqda. O‘tgan hafta uelslik hujumchi «Real» tarkibiga kelib qo‘shilgandan so‘ng, 19-jarohatini oldi. Ispaniyalik jurnalistlar erinmay hisoblab ham ko‘rishdi – Garetning Madrid klubidagi har bir o‘yini «Real»ga bir million yevrodan qimmatroqqa tushmoqda ekan. Maoshi va transfer qiymati birgalikda 168.6 millionni tashkil qiladigan Beyl shu paytgacha «Real» safida 159 o‘yinda maydonga tushgan xolos.
Ispaniyaning AS nashrida yozilishicha, bu jarohatlar «Real»ning ham joniga tekkan va futbolchi yanvar oyidayoq transferga qo‘yilishi mumkin. Yozda 150 million yevrodan kamiga sotilmasligi aytilgan 28 yoshli futbolchi uchun endi 70 million yevro olishga ham rozilar. Bu pullarni Peres navbatdagi supertransferlar uchun ishlatishi mumkin. Beylni qaysi jamoalar sotib olishi mumkinligi haqidagi taxminlarni keyinga qoldiraylik-da, e'tiboringizga championat.com sayti versiyasiga ko‘ra, Garetning o‘rnini bosishi mumkin bo‘lgan 5 futbolchini havola qilamiz.
Leroy SANe (Manchester Siti)
Narxi: transfermarkt.com ma'lumoti bo‘yicha 45 million yevro

«Real» uchun eng arzon variant. Aguero va De Bryuyne fonida Leroy Sane u qadar yorqin porlamayotgan ko‘rinishi mumkin, ammo statistika buning aksini ko‘rsatmoqda – Sane Premer Liganing 11 o‘yinida 11 golda (6 gol, 5 assist) bevosita ishtirok etdi. Germaniya terma jamoasining bo‘lajak yulduzi, yaxshigina texnika va tezlikka ega bo‘lgan Sane «Real»da Beyldan qolishmasligini kutsa bo‘ladi.
Darvoqe, Saneni butun Yevropa aynan Madriddagi o‘yin orqali taniganini eslasangiz kerak. Yevropa Chempionlar Ligasida «Shalke» safida Madridga tashrif buyurgan Leroy Sane sal qolsa, o‘sha o‘yinda «Real»ni chorak finalda qoldirib ketardi.
Paulo DIBALA (Yuventus)
Narxi: transfermarkt.com ma'lumoti bo‘yicha 70 million yevro

Dibala yoshligidan «Barselona»ga bo‘lgan sevgisini yashirmaydi. Bu jihat Dibalaning Madridga kelishini yanada qiyinlashtirishi mumkin. Ammo shu bilan birga, «Real»ning kuchini ham namoyish qiladi – Peres bunaqa «pont»larga qiziqishini bilamiz.



















