Iqtisodiyot | 16:30 / 15.11.2017
66879
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda 500 va 1000 so‘mlik kupyuralar tangaga almashtirilishi mumkin

O‘zbekistonda 500 va 1000 nominaldagi so‘m banknotlari o‘rniga shu qiymatdagi tangalar chiqarilishi mumkin. Markaziy bank raisi birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetovning aytishicha, aynan shu masalaga oid aniq qaror qabul qilinmagan.

Foto: Xalqaro press klub

«Biz 50 ming va 10 ming so‘mlik banknotlarni katta hajmda muomalaga chiqardik. Aholiga kichik qiymatdagi ko‘pgina banknotni o‘zi bilan olib yurish qiyinchilik tug‘dirishi tabiiy, shuningdek, ularni ishlab chiqarish ham iqtisodiyotga foyda bermaydi. Bunday vaziyatda xalqaro tajribada bo‘lgani kabi yirik nominaldagi banknotlarni ishlab chiqarish yoki mayda pullarni tangaga almashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi», deya Timur Ishmetovning so‘zlarini keltiradi Kun.uz muxbiri.

Markaziy Bank raisi birinchi o‘rinbosarining aytishicha, aholiga qulaylik yaratish va monetar ishlab chiqarishda samarali yo‘lga qo‘yish haqida fikrlar yuritilmoqda.

«Hozirgi masala kichik nominaldagi banknotlarni tanga bilan almashtirish yoki yirik banknotga o‘tishda qolgan. Agar bu haqda qaror qabul qilinsa, xabar qilamiz», deydi u.

Mavzuga oid