O‘zbekiston | 13:00 / 15.11.2017
14624
3 daqiqa o‘qiladi

Jazoni ijro etish muassasalari faoliyati 6 yil ichida yanada rivojlantiriladi

Foto: Thinkstock

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2018-2024 yillarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi. 

Hujjat bilan quyidagilarni o‘z ichiga oluvchi 2018-2024 yillarda jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi:

2018-2022 yillarda jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish va texnik jihatdan qayta jihozlash chora-tadbirlari 1-ilovaga muvofiq;

Jazoni ijro etish muassasalarining byudjyet mablag‘lari hisobiga qoplanadigan kommunal xarajatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqarish mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan prognoz rejasi 2-ilovaga muvofiq;

Jazoni ijro etish muassasalarining xarajatlarini bosqichma-bosqich ishlab chiqarish mablag‘lari hisobiga qoplash bo‘yicha 2020-2024 yillarga mo‘ljallangan prognoz rejasi 3-ilovaga muvofiq.

Jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq ma'lumot uchun qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziriga Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining asoslangan taklifiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan Dasturga o‘zgartirish kiritish huquqi berildi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari va boshqa tashkilotlarga o‘z moddiy-texnik bazasini yaxshilashga bo‘lgan ehtiyojni jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar hisobiga qondirish masalasini ko‘rib chiqish tavsiya etildi.

Belgilanishicha, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasining Markazlashtirilgan jamg‘armasi mablag‘lari, jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlari mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarining ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirish va kelgusida ularning daromadlarini izchil oshirish borasida amalga oshiriladigan ishlar ijrosini har chorak yakuni bo‘yicha tanqidiy tahlil qiladi hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rilishini ta'minlaydi.

Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.Bobojonov zimmasiga yuklandi.

Xususan, Jazoni ijro etish muassasalari va ularning tashkilotlarida ishlab chiqariladigan mahsulotlar ro‘yxatida 77 ta band bor. Ular orasida pishgan g‘isht, gips, har xil turdagi yo‘lak plitalar, yog‘och deraza romlari, yumshoq mebellar, ofis mebellari, stol va stullar kabilar mavjud.

Mavzuga oid