Jahon | 20:40 / 15.11.2017
51157
5 daqiqa o‘qiladi

Zimbabveda «joduli davlat to‘ntarishi». Diktatordan voz kechishdi

15 noyabr kuni Zimbabveda hokimiyat harbiylar qo‘liga o‘tdi. Shu bilan birga armiya vakillari mamlakatni 37 yildan buyon boshqarib kelgan Robert Mugabe ag‘darib tashlanmasligi, ammo uning atrofidagi jinoyatchilar jazolanishini ma'lum qilishdi. Keyinroq Mugabe rafiqasi Greysi Mugabega mamlakatdan chiqib ketishi uchun ruxsat berilgan taqdirda hokimiyatni o‘z ixtiyori bilan topshirishga roziligini aytdi.

O‘tgan haftada prezident vitse-prezident Emmerson Mnangagvuni jodugarlik bilan davlat to‘ntarishi sodir etishda ayblab, iste'foga chiqargandi. Uning yuzga yaqin tarafdorlariga ham ayblov e'lon qilingandi. U hokimiyatni o‘zining 52 yoshli rafiqasiga qoldirmoqchi bo‘lgandi. Ammo Mnangagva armiyaning ko‘magidan foydalandi va endi Mugabening o‘rnini egallashi kutilmoqda.

14 noyabr kuni oqshomida Zimbabve harbiylari mamlakat poytaxti Xararega tanklar bilan kirishdi. Birinchi navbatda, davlat teleradiokanali qo‘lga olindi va rasmiy bayonot bilan chiqildi.

Zobitlar bu harakat «davlat to‘ntarishi» emasligini, prezident va uning rafiqasi hayoti xavf ostida emasligini ma'lum qilishdi. Ular aholini tinchlanishga chaqirib, zo‘ravonliklar ro‘y bermasligiga ishontirishdi.

Foto: Reuters
Foto: epa/vostock-photo
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: AP
Foto: epa/vostock-photo

Shu tariqa davlat to‘ntarishi ortiqcha qon to‘kishlarsiz o‘tkazildi.

Almashmas diktator

Mugabe 93 yoshda. U maktab o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan va masofadan turib ta'lim olishni davom ettirgan. 1958 yilda u London universitetining iqtisodiyot bakalavri diplomini olgan. U o‘tgan asrning 60-yillaridan siyosat bilan shug‘ullana boshlagan. 1964 yilda hibsga olingan va qamoqda 10 yil o‘tkazgan.

Ozodlikka chiqqach, Mugabe Mozambikka ketib, u yerda ham ozodlik uchun harakatlarga qo‘shiladi. Sobiq ittifoqqa taassub qilib, proletariatni sinfiy kurashga chorlashga bel bog‘lagan Joshua Nkomoning ZAPU’sidan farqli o‘laroq, Mugabe o‘rtoq Maoning mehnatlariga qarab dehqonlar inqilobini mo‘ljallaydi.

1980 yilda Mugabening partiyasi Zimbabve-Rodeziya saylovlarida Joshua Nkomoning partiyasi ustidan g‘alaba qiladi va u bosh vazirga aylanadi. Keyinroq, 1987 yilda Zimbabveda bosh vazir lavozimi tugatiladi, Mugabe prezident sifatida saylanadi.

90-yillar oxirida Zimbabveda qora chek nomli harakat boshlanadi — kamchilikni tashkil etuvchi oq tanlilarning yerlari tortib olina boshlaydi. 2002 yilda Mugabe mamlakatdan 4 ming nafar fermerni haydab yuboradi. O‘shanda Yevropa Ittifoqi Zimbabvega sanksiyalar qo‘llaydi.

U o‘z qo‘lida jamiki hokimiyatning jilovini mahkam ushlab turardi: hukumat, qurolli kuchlar, parlamentni tarqatib yuborish va istaganicha saylovlarda qatnashish... Mugabe yakka o‘zi hukmron bo‘lib qoldi va barcha nufuzli amallarni o‘ziga sodiq kishilarga bo‘lib bera boshladi; oqlardan tortib olingan fermalar ramziy summaga sobiq qashshoq-partizanlarga emas, yuqori martabali amaldorlarga pullanar edi. Mamlakatda korrupsiya quloch yoydi. Robert Mugabe shunday tizim qurdiki, bunda u va uning qarindoshlari hamda ishonchli yaqinlari tuganmas boylikka ega bo‘lishdi, mamlakatning 85 foiz aholisi esa yiliga 300 dollar daromadga kun ko‘rishga majbur edi.

Mugabe shu kungacha almashmas mustabid prezident bo‘lib keldi. U 2016 yili bergan intervyusida 100 yoshgacha yashamoqchiligi, keyingi saylovda ham nomzodini qo‘ymoqchiligini aytgandi.

Ammo endi bunga rozi bo‘lishmadi. Bugun zimbabveliklar uning suratlarini mashinalaridan olib tashlashmoqda.

Foto: Reuters

Harbiy davlat to‘ntarishi haqida eshitgan aholi 15 noyabr tongida bankomatlarga oqib kela boshlashdi. Ular bank hisoblaridan barcha pullarini yechib olmoqchi. 2009 yilgi moliyaviy inqirozdan keyin mamlakatda giperinflyatsiya yuzaga kelgan, Zimbabve o‘z valyutasini Amerika dollariga almashtirgandi.

Foto: Philimon Bulawayo / Reuters

 

Mavzuga oid