14:35 / 16.11.2017
50127

Foto: Surxondaryoda Kushonlar imperatori muhri topildi

Foto: meros.org

Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan Dalvarzintepa yodgorligi 50 yildan buyon arxeologlar tomonidan tadqiq etilmoqda.

Dalvarzintepa miloddan avvalgi II asrda qishloq sifatida paydo bo‘lib, milodiy I asrga kelganda hududi 47 gektarga ega bo‘lgan yirik shaharga aylanib, Kushonlar imperiyasining poytaxti sifatida ravnaq topadi. Dalvarzintepa shahristonining sharqiy qismida joylashgan DT-37 (dala arxeologik nomi) obekti o‘tgan yili O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San'atshunoslik ilmiy tadqiqot Institutining mashhur yapon arxeologi, marhum Kato Kyudzo hamda taniqli olim B.Turg‘unov ishtirokidagi qazishmalari vaqtida ko‘plab topilmalar qatorida ko‘p sonli tangalar hamda g‘alati shaklga ega bo‘lgan tutqichli tangasimon buyum topilgandi.

O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi San'atshunoslik ilmiy tadqiqot Instituti xodimi Temurxon Jahonovning Kun.uz nashriga ma'lum qilishicha, topilmalar mutaxassislar tomonidan tozalanib, tadqiq etilganida bu buyum Kushonlar imperatori Vima Kadfiz tasviri tushirilgan muhr ekani aniqlandi. Ushbu topilma Dalvarzintepa - Kushonlar imperiyasining dastlabki poytaxti bo‘lgani haqida nazariyani yana bir bor tasdiqladi. Bu noyob topilma O‘zbekiston janubida joylashgan Surxon vohasi Kushonlar imperiyasi davrida ancha muhim ahamiyatga ega bo‘lgani, ma'muriy – siyosiy markazga aylantirilganini isbotlaydi. 

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar Dalvarzintepaning ichki hamda tashqi qismidagi buddaviylik ibodatxonasi va undan topilgan 40ga yaqin buddaviylik diniga oid yirik hamda kichik hajmdagi haykallar; dunyodagi eng qadimgi shaxmat donachalari (milodiy I asrga tegishli); 1972 yilda arxeolog B.Turg‘unov tomonidan topilgan va o‘zbek arxeologiyasi tarixidagi eng olamshumul topilmalardan biri bo‘lgan, og‘irligi salkam 36 kilogrammga teng 115 dona oltin buyumlar xazinasi Dalvarzintepani o‘z vaqtida dunyoga mashhur qilgan edi. 

Dalvarzintepadan topilgan ko‘plab noyob topilmalar Yaponiya, Janubiy Koreya, Shvetsariya, Fransiya kabi dunyoning bir qancha davlatlaridagi ekspozitsiyalarda namoyish etildi. Ayniqsa, Yaponiyadagi ko‘rgazmalarda topilmalarga bo‘lgan qiziqish nihoyatda katta edi. Buning hosilasi sifatida hozirgi kunda O‘zbekistonga tashrif buyuradigan ko‘plab yapon sayyohlari aynan Dalvarzintepa va Surxon vohasidagi buddaviylik dini yodgorliklarini ko‘rish uchun kelayotganini ko‘rish mumkin.

Termizning faxriy fuqarosi bo‘lgan mashhur arxeolog Kyudzo Kato vafot etdi

Top