O‘zbekiston | 01:44 / 16.11.2017
13254
3 daqiqa o‘qiladi

«Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasining ish samaradorligi oshiriladi

Foto: O‘zbekiston24

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 noyabr kuni mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida belgilangan vazifalar ijrosi, bu borada mavjud muammolar va ularni hal etish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Amalga oshirilgan ijobiy ishlar bilan birga, davlatimiz rahbari ayrim hududlarda jinoyatlarni sezilarli kamaytirishga erishilmagani, ba'zi jinoyat turlari oshgani kabi kamchiliklarni keskin tanqid qildi.

Xususan, Toshkent shahri, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari mutasaddi rahbarlariga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rsatilib, ularni bartaraf etish borasida aniq topshiriqlar berildi.

Qator mahallalarda profilaktik tadbirlarning samaradorligi yetarli darajada ta'minlanmagani, huquq-tartibot idoralarining jamoatchilik bilan hamkorligi talab darajasida yo‘lga qo‘yilmagani, bu esa ayrim turdagi og‘ir jinoyatlar sodir etilishiga sabab bo‘lgani aniq raqam va misollar asosida tahlil qilindi.

Davlatimiz rahbari tomonidan har bir hududning o‘ziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda, tumanlar kesimida jinoyatlarning oldini olish borasida alohida chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, joriy yilning dastlabki 10 oyida sodir etilgan qotillik jinoyatlarining 165 tasi er-xotin va qaynona-kelinlar o‘rtasida, 66 tasi qo‘ni-qo‘shnilar o‘rtasida oddiygina maishiy kelishmovchiliklar oqibatida kelib chiqqan.

Yig‘ilishda mahallalarda faoliyat yuritayotgan posbonlar haqida so‘z borar ekan, ko‘p hollarda ularning salohiyati, bilim va malakasi talabga javob bermasligi, bunday vazifaga fidoyi yoshlar safarbar etilmayotgani, rag‘batlantirish mexanizmlari ishlab chiqilmagani sababli huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda posbonlar ishtiroki sezilmayotgani ta'kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, «Mahalla posboni» jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, uning ish samaradorligini oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Yana bir og‘riqli mavzu — ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan, firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlarni keskin kamaytirishga erishilmayotgani ta'kidlab o‘tildi. Bunday jinoyatlarning asosiy sabablari fuqarolik munosabatlarini qonun doirasida amalga oshirmaslikka borib taqaladi. Oqibatda bu sodda odamlarning jinoyat qurboni bo‘lishiga olib kelmoqda.

Shu sababli davlatimiz rahbari notariat tizimlaridagi byurokratizm va sansolarlik holatlariga chek qo‘yish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish orqali notarial xizmatlar ko‘rsatish jarayonini takomillashtirish zarurligiga alohida e'tibor qaratdi.

Mavzuga oid

E`lonlar