20:30 / 16.11.2017
16485

Prezident og‘ir atletikachi Rustam Jangaboyevga Nexia avtomobili sovg‘a qildi

Joriy yilning sentabr oyida Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahri mezbonlik qilgan Yopiq inshootlarda va jang san'atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sport delegatsiyasi yuksak natijaga erishdi. Ana shu muvaffaqiyatga qoraqalpog‘istonlik atletlar ham qator sovrinlari bilan munosib hissa qo‘shdi.

Nukus shahridagi yangidan bunyod etilgan Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan oliy sport mahorat maktabida ularni taqdirlashga bag‘ishlangan marosim o‘tkazildi. Tadbirda keng jamoatchilik vakillari, murabbiylar, yoshlar qatnashdi, deb yozadi «Xalq so‘zi» nashri.

Marosimda so‘z olganlar mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, sportchilar hamda ularning murabbiylarini rag‘batlantirishga katta e'tibor qaratilayotganini ta'kidlashdi.

V Osiyo o‘yinlarida og‘ir atletika bo‘yicha kuch sinashgan Rustam Jangaboyev dast ko‘tarishda 199, siltab ko‘tarishda 243, ikkikurash yakuniga ko‘ra 442 kilogramm natija ko‘rsatib, oltin medal bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, u Qatarning Doha shahrida uyushtirilgan Osiyo kubogi musobaqasida, aprel oyida Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida ham birinchi o‘rinni egallagandi.

Xalqaro maydonlarda O‘zbekiston nomini yanada ulug‘lashga munosib ulush qo‘shayotgan Rustam Jangaboyevga tadbirda «Nexia» avtomobilining kaliti tantanali topshirildi.

— Mamlakatimizda biz, sportchilar uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratib berilayotanidan behad xursandmiz, — deydi Rustam Jangaboyev. — Ko‘rsatilayotgan yuksak g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizdan cheksiz minnatdormiz. Kelgusida ham yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishga astoyidil intilamiz.

Shuningdek, V Osiyo o‘yinlarida bronza medalni qo‘lga kiritgan sportchilar — muaytay bo‘yicha Ubbiniyoz Tureniyazov, erkin kurashchilar Dauletbika Jaqsimuratova va Sevara Yeshmuratova, ularning murabbiylari Mansur Chashimov, Qutlimurat Jumanov, Damir Hasanov hamda Nukusboy Daniyarovga televizorlar taqdim qilindi.

G‘olib va sovrindorlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Yerniyazov tabriklab, sovg‘alar topshirdi.

Mavzuga oid
Top