21:36 / 16.11.2017
59638

Qishloq hayoti. Soy suvini ichishga majbur bo‘layotgan nurotaliklar

KUN.UZ tahririyatiga Navoiy viloyati Nurota tumani Qizilcha MFY fuqarosi Qurbonov Davron murojaat qildi. 1938 yilda tug‘ilgan otaxon Qizilcha qishlog‘idagi mavjud muammolarni sanab ketdi. Xususan, bir necha yillardan beri 5 500 kishi istiqomat qiladigan aholining ichimlik suvi muammosi hal etilmay kelayotgani va boshqa qator masalalar borligi haqida so‘zladi. Qurbonovning aytishicha, u MFY nomidan tuman va viloyat hokimliklariga, virtual va xalq qabulxonalariga murojaat qilgan bo‘lsa-da, so‘nggi ijro etuvchi tuman hokimligi bo‘lganligi sababli iste'molga yaroqsiz ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo hal etilmayotganini ta'kidladi.

Navoiy viloyati Nurota tumani

Shu munosabat bilan tahririyat maxsus muxbirlari jurnalistik surishtiruv o‘tkazish maqsadida Nurota tumaniga otlandi.

Aytish joizki, Nurota tumani Navoiy viloyatining tog‘li-cho‘lli hududida joylashgan. Aholining aksar qismi, biz borgan Qizilcha qishlog‘i va uning atrofidagi boshqa aholi punktlarida yashovchilar, asosan, chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Tog‘ va cho‘l zonasi bo‘lgani sababli ayrim aholi punktlarining oralig‘i 20-25 km, undan ham ortiq masofani tashkil etadi.

Nurota tumanidagi Qizilcha qishlog‘i

Dastavval vaziyatni o‘rganishni Qizilcha qishlog‘idagi ko‘chma bozor faoliyati bilan tanishishdan boshladik. Ammo uni biz “bozor” deyishga tilimiz bormadi. Ma'lum bo‘lishicha, bu yerda haftaning har dushanba kuni tevarak-atrofdan kelgan tadbirkorlar 4-5 soatga savdo qilishar ekan. Aholi o‘zlarining oziq-ovqatga bo‘lgan bir haftalik ehtiyojini shu vaqt oralig‘ida sotib olish bilan qanoatlantiradi.

Qizilcha MFYda yashovchi Davron Qurbonov

Bu mahallada 5 ming 500 dan ortiq fuqaro istiqomat qilishiga qaramay, qishloqdagi iqtisodiy vaziyat ancha og‘irligini “bozor”ning ahvolidan ham bilsa bo‘ladi. Qayd etish o‘rinliki, bozorda birorta ham savdo rastasini ko‘rmadik. Buning sababini surishtirganimizda, aslida bu yerda bozor tashkil etilmagan. Ammo uzoq yillardan beri savdogarlar va qishloq fuqarolari tashabbusi bilan haftaning dushanba kuni bir necha soatga shu kabi yirik savdo tashkil etiladi. Ko‘pchilik fursatdan foydalanib, shu kuni haftalik ehtiyojlari uchun oziq-ovqat yoki boshqa mahsulotlarni xarid qiladi. Axir, eng yaqin bozor joylashgan Nurota tumani markaziga borish uchun ham 60 kilometrga yaqin masofaga borib kelish talab etiladi.

Qizilcha qishlog‘idagi ko‘chma bozor

Ammo “bozor”da sanitariya talablariga umuman e'tibor berilmasligini ta'kidlashga hojat yo‘q. Mana bu tasvirlar izohga muhtoj emas.

Qizilchaliklarning aytishicha, bozor hududi yaqinida shu yerdagi 22-o‘rta maktabning eski binosi chala buzilgan holda yotibdi. Ammo faollar shu maktabdan chiqqan yaroqli qurilish materiallaridan bozor rastalari yoxud mahalladagi yordamga muhtoj oilalarga uy qurib berishni so‘rab hokimlikka murojaat qilishgan, biroq bu iltimos turli vajlar bilan rad etilgan. Qolaversa, viloyat yoki xalq qabulxonalariga murojaat qilinsa, ular muammoni hal etish uchun tuman hokimiyatiga yuborishadi, tuman hokimiyati esa, hech qanday amaliy chora ko‘rilmagani holda, kelib bir-ikki faol bilan uchrashib, qog‘ozda javob berish bilan cheklanmoqda.

Bozordagi ahvolni o‘rganganimizdan so‘ng, kelajak avlod vakillari tahsil olayotgan 22-o‘rta maktabni borib ko‘rdik. Oqsoqollar maktabda darsliklar yetishmasligi, darsxonalarning umumiy ahvoli qoniqarli emasligi, ta'lim maskanining uchinchi o‘quv binosi ham umuman yaroqsiz ahvolga kelib qolganini aytishdi.

Qizilcha qishlog‘idagi 22-o‘rta maktab

Maktab direktori Sabohat opa Jumayeva bilan uchrashganimizda yuqoridagi da'volar qanchalik haqiqatga yaqinligiga oydinlik kiritildi. Uning izoh berishicha, aslida o‘rta ta'lim maktabi 2019 yilgi kapital ta'mirlash dasturiga kiritilgan. Bu narsa tuman xalq ta'limi bo‘limi vakili taqdim etgan hujjatda ham o‘z aksini topgani aniqlandi. Shunga qaramay, bu yil ham sport zali va oshxonaning tomi shifer qoplama bilan yopilgan. Endilikda tashqi fasadini ta'mirlash ishlari qolgan. Maktabdagi darsliklar yetishmasligiga izoh bergan Jumayevaga ko‘ra, ayni vaqtda yetishmayotgan darsliklar ro‘yxati bo‘yicha buyurtma berilgan. U bu so‘zlarni isboti tariqasida buyurtma qog‘ozlari bilan tanishtirdi.

Maktab direktori Sabohat Jumayeva

Shundan so‘ng, Davron ota Qurbonov va boshqa faollar bilan uchrashdik. Ularning aytishicha, Qizilchada eng jiddiy muammo bu ichimlik suvi masalasidir. Faollar taqdim qilgan hujjatlarda tuman DSENM tomonidan 7 ta suv manbaidan namunalar olingani va ularning ichishga yaroqsizligi bo‘yicha xulosalar taqdim etilganini ko‘rish mumkin.

SES suv tahlillari va javoblar

Tuman DSENM bosh vrachi Bobur Iydiyevning 2017 yil 2 oktabrdagi №07-03/944 sonli maktubida qayd etilishicha, 2017 yil 13 sentabrda olingan suv namunalari viloyat DSENM sanitariya-gigiyenik va bakteriologik laboratoriyasida tahlil qilinganida, suvni zararsizlantirmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amaldagi 950-2011 Davlat andozasiga binoan aholining iste'mol qilishiga ruxsat berilmaydi.

Maktubda soydan oqib kelayotgan suvlarning ifloslanishdan himoyalash, zararsizlantirish uskunalarini qurish va boshqa choralarni ko‘rish, shu bilan aholining ichimlik suv muammosini hal etish zarurligi ta'kidlanadi.

Navoiy viloyati “Suvoqava” davlat unitar korxonasi 2017 yil 10 oktabrda yo‘llagan javob maktubida tuman DSENM maktubida ko‘rsatilgan talablar bo‘yicha ishlar amalga oshirilgani, ammo “Qizilcha” suv inshootiga ichimlik suvini zararsizlantirish uskunasini o‘rnatishga viloyat “Suvoqava” DUKning moliyaviy imkoniyati yetarli emasligi aytiladi. Shu bilan birga, maktubda suvni zararsizlantirish bo‘yicha tuman DSENM tomonidan qo‘yilgan talablar ijrosi bo‘yicha amaliy choralar ko‘rilgani ta'kidlanadi.

Suv to‘planadigan hovuz, usti ochiq

Biroq holatni joyiga borib o‘rganimizda, buning aksiga duch keldik. Suv to‘planayotgan sisterna qopqog‘i yo‘qligi, ikkinchi suv to‘planadigan hovuzning usti ochiqligi, unga suv ochiq beton ariqcha orqali kelayotganiga guvoh bo‘ldik. Mahalla faollarining aytishicha, tuman va viloyat mutasaddilari kelib-ketishmoqda, biroq muammo hal bo‘layotgani yo‘q.

Iydiyevning va Suv oqavaning maktublari

Sobiq Ittifoq davrida bu yerga 14-16 km uzoqlikda, Nurota tog‘ tizmalarida joylashgan Qorabuloqdan quvur orqali suv keltirilgan. 2015-2016 yillarda aholi soni e'tiborga olinib, u yerdan qo‘shimcha ravishda yana bir quvur tortishga qaror qilingan, shu maqsadda davlat g‘aznasidan dastlab 2015 yilda 450 mln so‘m, keyingi yili 350 mln so‘m, jami 800 mln ajratilgan. Biroq suv keltiruvchi quvurlarni joylashtirishda loyihalash ishlari yuzaki o‘tkazilgani sabablidir, kim bilsin, ishlar o‘lda-jo‘lda qolib ketgan. Ayni vaqtda yangi quvurdan foydalanilayotgani yo‘q. Ichimlik suvining dastlabki manbaigacha uyushtirgan bir necha kilometrlik piyoda sayohatimizda o‘tgan asrning 50-yillarida barpo qilingan quvur  orqali suv keltirilayotganiga guvoh bo‘ldik.

Ichimlik suvi manbai bir necha kilometr uzoqda joylashgan

Bu yerda izoh berish kerak bo‘lgan jihati shuki, mahalliy aholi orasida “sharshara” deb ataluvchi ichimlik suv manbasiga tog‘ tizmasining yuqori qismida joylashgan Qorabuloqdan suv keladi. Sharsharadagi suv va uning atrofidagi sanitar holat ham havas qilgudek emas. Qolaversa, cho‘ponlar qo‘y-echki va boshqa chorva mollarini suv manbai atrofida boqqani tufayli suv turli sodda zararli parazitlar manbaiga aylangan.

Qorabuloqdan suv keladigan sharshara
Sharsharadan tushgan suv shu yerdan quvur orqali qishloqqa oqib boradi
Quvurning og‘zida doim chiqindi to‘planadi

Ammo keyingi vaqtlarda bir necha 10 yillar avval barpo etilgan tizim eskirganligi tufayli suv bilan bog‘liq muammo yuzaga chiqa boshladi. O‘sha vaqtlarda qishloqning 5 ta nuqtasiga o‘rnatilgan jo‘mraklardan hozirda suv olishning imkoni yo‘q. Qishloqda bir dona transformator bo‘lib, u bugungi kunda 5,5 ming kishining elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga kuchi yetmayapti. Qishloqning oxirrog‘ida istiqomat qiluvchilar elektr kuchi pastligidan nolib, bir necha marotaba tuman elektr tarmoqlariga ham murojaat qilishgan, biroq qaysi masalada murojaat qilingan, virtual qabulxonaga ham yozilgan bo‘lsa, quyi bo‘g‘indagi davlat hokimiyati vakillari hisobot uchun qog‘oz to‘ldirishmoqda, deydi qishloqliklar. Bundan boshqa muammolar ham talaygina.

Qizilcha qishlog‘i mo‘ysafidlari

Go‘yoki muammolarni sanasa, adog‘i yo‘qdek. Oqsoqollarning aytishicha, Qizilchada 12 dan ortiq tom ma'noda kam ta'minlangan, uysiz, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj fuqarolar bor. Xususan, biz tos suyagi sinishi oqibatida to‘shakka mixlanib qolgan O‘rolova Bibixol, insult tufayli tanasining ¾ qismi ishlamay qolgan Yusupova Oyjamol momo, uy-joyi yo‘q yoki achinarli ahvolda bo‘lgani holda boquvchisi nogiron bo‘lib qolgan Boyjiyeva Nazira hamda M. Xolbekovalarning xonadonida ham bo‘ldik. Gapning indallosini aytganda, ularga shoshilinch moddiy yordam ko‘rsatilib, turarjoylaridagi kamchiliklar tuzatilmasa, bu yilgi qish mavsumi ular uchun haqiqiy hayot-mamotga aylanishi turgan gap.

Nurota tumani hokimiyati

Biz mazkur muammolar girdobidan chiqib, izoh so‘rab tuman hokimiyatiga bordik hamda Nurota hokimi Jamoliddin Hamroyev va boshqa mutasaddi rahbarlar bilan uchrashdik. Jamoliddin Hamroyev tuman tog‘-cho‘l hududiga kirishi, shu sababli ichimlik suv bilan bog‘liq muammo tumanning aksar hududi, jumladan Qizilcha va unga yondosh hududlarda jiddiy ekanini ta'kidlab, qishloq aholisi bu masala bilan juda ko‘p marotaba murojaat qilganini e'tirof etdi. U Qizilchaga quvur orqali kelayotgan suvni zararsizlantirish va qishloqdagi boshqa mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rishini ta'kidladi.

Nurota tumani hokimi Jamoliddin Hamroyev

Xullas, tuman hokimi Hamroyev o‘z va'dasi ustida tura olishi yoki olmasligini vaqt ko‘rsatadi.

Tolib Rahmatov
Ma'rufjon Asqarov
Navoiy viloyati, Nurota tumani

Top