2017 yil 15 iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusidagi videoselektorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bir qator takliflarni bergandi.
«Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e'tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi», – degandi prezident.
Ayni vaqtda bu takliflarni amalga oshirish ishlari boshlangan. Bu haqda O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakili «Kun.uz» muxbiriga xabar berdi.
Qachon tashkil etildi?
Samarqand viloyatidagi «Hadis» va «Kalom» ilmiy maktablari 2017 yil 8 noyabr kuni, Qashqadaryo viloyatidagi «Aqida» ilmi maktabi 10 noyabr kuni, Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi va O‘zbekiston musulmonlari idorasi Farg‘ona viloyati vakilligi qoshida Islom huquqi maktabi 13 noyabr kuni rasman ish boshladi.
Kimlar ta'lim oladi?
Ilmiy maktablarga diniy ma'lumoti to‘g‘risida hujjatga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari suhbat asosida tinglovchi sifatida qabul qilinadi.
Maktablar uchun tinglovchilarni qabul qilishga viloyat masjidlarida faoliyat ko‘rsatayotgan, shuningdek o‘rta maxsus islom bilim yurtlarini tamomlagan va hozirda diniy idora tizimida faoliyat olib bormayotgan nomzodlar ichidan salohiyatlilari tanlab olinadi.
Tashkil etilayotgan mazkur maktablar Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida tashkil etilayotgan Islom akademiyasi va magistratura mutaxassisliklarida tahsil olish istagida bo‘lganlarni tayyorlashda ham muhim o‘rin tutadi.
Kimlar dars beradi?
Ilmiy maktablarda faoliyat olib borish uchun jalb qilinadigan (taniqli ulamolar, Oliy ma'had, madrasa mudarrislari hamda imom-xatiblardan iborat) o‘qituvchilar O‘zbekiston musulmonlari idorasida tuziladigan maxsus hay'at suhbatidan o‘tkazilgandan so‘ng ish boshlashadi.













