00:59 / 17.11.2017
13339

Dunyoning birinchi raqamli tennischisiga tuhmat qilgan vazir unga tovon puli to‘laydigan bo‘ldi

Foto: AFP

Parij sudi Fransiyaning sobiq sport vaziri Rozelin Bashlo zimmasiga dunyoning birinchi raqamli tennischisi Rafael Nadalga tuhmat qilgani uchun tovon puli to‘lash majburiyatini qo‘ydi.

2016 yil mart oyida Bashlo fransuz telekanali efirida Nadal 2012 yilda 7 oyni jarohati tufayli emas, balki dopingga testi ijobiy natija bergani uchun o‘tkazib yuborganini aytgan. Biroq sobiq vazir bu so‘zlarining isboti sifatida birorta dalil keltirmagan.

Bir oy o‘tib, Nadal Bashlo ustidan Parij sudiga da'vo arizasi topshirgan va undan tuhmat uchun 100 ming yevro undirilishini talab qilgan. Tennischi agar u ishni yutsa, to‘lanadigan tovon pulining hammasini Fransiyadagi jamoat tashkiloti yoki jamg‘armasiga o‘tkazib berishini aytgan. 31 yoshli tennischining ta'kidlashicha, u hech qachon doping qabul qilmagan.

2017 yil 16 noyabrda Parij sudi bu ish bo‘yicha hukm chiqarib, Bashloni tuhmat qilishda aybdor deb topib, unga 500 yevro jarima solgan va Nadalga ko‘rsatilgan moddiy zarar va sud xarajatlari uchun 12 ming yevro to‘lashni buyurgan.

Nadal ATP’ning yakuniy musobaqasidan o‘tgan oydan beri uni bezovta qilayotgan tizzasidagi jarohat tufayli chiqib ketdi. Nadal zo‘riqish oqibatida yuzaga kelgan jarohati tufayli Bazeldagi musobaqani o‘tkazib yuborgandi, bir haftadan keyin Parijdagi musobaqaning chorak finali bahsi oldidan undan chiqib ketgan. 

Nadal yakuniy musobaqa natijalaridan qat'iy nazar, mavsumni birinchi raqamli tennischi sifatida yakunlaydi.

Mavzuga oid
Top