22:35 / 18.11.2017
14505

Erdo‘g‘an NATO va AQShni tanqid qildi

Foto: aa.com.tr

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara o‘z milliy xavfsizligiga tahdidlarning oldini olishga to‘liq huquqqa egaligini aytdi.

Erdo‘g‘an Turkiyaning Suriyadagi harakatlarini “mutlaq tabiiy” deb atadi. “Suriyadan 12 ming km narida bo‘lgan davlatlar Suriyadagi vaziyatga aralashishga haqli bo‘lsa-yu, Suriya bilan 911 kmlik chegaraga ega bo‘lgan Turkiya qo‘lini qovushtirib, Suriya hududidan bildirilayotgan tahdidlarni inobatga olmasligimi kerakmi?”, deb hayrat bildirgan Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘an AQShning Suriyadagi pozitsiyasini qoraladi. “IShID bilan kurash bahonasida PYD terrorchilari siyosiy qo‘llab-quvvatlanmoqda, qurollantirilmoqda va pul bilan ta'minlanmoqda. Ikki terrorchi guruh Raqqada kelishib olgani ma'lum bo‘lgandan keyin, AQSh IShIDning yuzlab terrorchilari Vashington ijozati bilan hududni tark etganlarini tan oldi. Bu Turkiya ittifoqdoshlariga to‘g‘ri kelmaydigan sharmandali iqrordir. Anqara hududdagi vaziyatdan juda ham yaxshi xabardor. Masala boshqa yerda: AQSh o‘z siyosatining oqibatlarini anglayaptimikin?”, deb savol bilan yuzlangan Erdo‘g‘an. 

Erdo‘g‘an Turkiya Idlibdagi operatsiyani nafaqat yakunlashiga, balki Suriyaning Afrin va Myunbich shaharlarini ham jangarilardan ozod qilishga va'da berdi. “Turkiya milliy xavfsizligi qo‘shni Iroqdagi, jumladan Qandildagi manbalariga ham zarba beradi”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an.  

Erdo‘g‘anning eslatib o‘tishicha, Suriya hududidan maksimal tahdid bildirilgan davrda NATO Turkiyadagi raketa-zenit tizimlarini qaytarib oldi va Turkiya hududiga hujum qilingudek bo‘lsa, Anqarani qo‘llab-quvvatlamasligini anglatib qo‘ygan. “Bunday tashkilotga ishonch masalasi jiddiy savollar tug‘diradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Turkiya prezidenti.  

“Turkiya o‘z havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini mustahkamlash uchun Rossiyaning S-400 majmualarini xarid qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlaganda, NATOning bir qator davlatlari Anqarani tanqid qila boshladi”, deb qo‘shimcha qilgan Erdo‘g‘an va bularning barchasi NATO ichida muammolar mavjudligini tasdiqlashini aytgan. 

Top