O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda koreys millatiga mansub fuqarolarning istiqomat qilayotganining 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim ishtirokchilariga tabrik yo‘lladi. Tabrik matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

“Shu kunlarda ko‘p millatli xalqimiz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimiz O‘zbekistonda istiqomat qilayotganining 80 yilligini nishonlamoqda. 

O‘tgan asrning muhtojlikka yo‘g‘rilgan g‘oyat murakkab davri – 30-yillarida shafqatsiz siyosiy tuzum tazyiqi ostida o‘n minglab koreyslar Uzoq Sharqdan O‘zbekiston zaminiga kelib qolishgan. O‘zbek xalqi o‘ziga xos olijanoblik va bag‘rikenglik bilan taqdir hukmiga tashlab qo‘yilgan koreyslarga mehr ko‘rsatdi, bag‘riga olib, boshpana berdi. 

Mehnatsevarligi, qat'iy irodasi, ahilligi, intizomi, yerga mehri bilan, dunyoqarashimiz va madaniyatlarimiz o‘xshashligi tufayli koreyslar O‘zbekiston timsolida ikkinchi Vatanini topdi va uning munosib farzandi, ko‘p millatli O‘zbekistonning teng huquqli fuqarosiga aylandi, hurmat-e'tibor qozondi. Xalqimiz shunday yurtdoshlari bilan faxrlanadi. 

Biz koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish – sanoat va qishloq xo‘jaligi salohiyatini mustahkamlash, ilm-fan, ta'lim, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalar taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasini yuksak qadrlaymiz. 

Ular yurtimizdagi cho‘llarni o‘zlashtirishda faol ishtirok etdi, qiyin sharoitlarda qo‘riq yerlarga ishlov berdi, yerning tilini biladigan omilkor dehqon sifatida keyinchalik eng ilg‘orlar qatoridan joy olgan xo‘jaliklar barpo etdi. 

Koreys millatiga mansub yurtdoshlarimizning shonli va fidokorona mehnati, O‘zbekistonning har tomonlama taraqqiy topishi va farovon bo‘lishiga qaratilgan bunyodkorlik faoliyati mamlakatimiz erishgan yutuqlar solnomasida yorqin sahifa bo‘lib qoladi. 

Mamlakatimizda katta obro‘-e'tibor qozongan 283 nafar koreys millatiga mansub yurtdoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan. 

Ular orasida deputatlar, hukumat a'zolari, xizmat ko‘rsatgan fan, madaniyat va san'at arboblari, yuqori malakali mutaxassislar bor. Bular qatorida taniqli qishloq xo‘jaligi xodimlari Kim Pen Xva va Xvan Man Gim, O‘zbekiston Qahramoni, Xivadagi Mehribonlik uyi direktori Vera Pak, maktabgacha ta'lim vaziri, senator Agrippina Shin, senator Valeriy Tyan, O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchisi Vitaliy Fen, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Koreys madaniyat markazlari uyushmasi raisi Viktor Pak, boks bo‘yicha jahon kubogi sohibi Vladimir Shin, rassom Nikolay Shin, akademik Vladimir Kim, tibbiyot fanlari doktori, professor Aleksandr Shek va boshqalarni alohida e'tirof etish kerak.