07:20 / 19.11.2017
4688

Pekindagi yong‘in 19 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

Foto: AP Photo / Ng Han Guan

Xitoy poytaxti Pekin janubida chiqqan yong‘in oqibatida 19 kishi halok bo‘ldi, yana 8 kishi jarohat oldi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi ma'lum qildi.

Yong‘in 18 noyabrda mahalliy vaqt bilan soat 18.00da Dasin tumanidagi Sintszyan qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Voqea joyiga chiqqan o‘t o‘chiruvchilar alangani 3 soatdan keyingina o‘chirisha olgan.

Jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilganlar. Yong‘in aynan qayerda yuz bergani ma'lum qilinmagan. Voqea joyiga Pekin partiya qo‘mitasi kotibi Tsay Tsi va Pekin meri vazifasini bajaruvchi Chjen Tszinin yetib kelishgan.

Ma'lum qilinishicha, mer qishloqlar va posyolkalarda joylashgan sanoat obektlarini noqonuniy biznesga barham berish maqsadida yopishga ko‘rsatma bergan.

Tsay Tsi favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish uchun barcha zarur ishni amalga oshirish, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar oilalariga yordam ko‘rsatish, voqea sabablarini tergov qilish va aybdorlarni javobgarlikka tortish uchun ishchi guruh tashkil etishni buyurgan. U shuningdek darhol har bir qishloq, har bir hovlini tekshirish va mumkin bo‘lgan birorta xavfni ko‘zdan qochirmaslikka ko‘rsatma bergan.

Ma'lumotlarga ko‘ra, voqeaning ehtimoliy aybdorlari qo‘lga olinganlar. 

Top