19:00 / 19.11.2017
189127

Ramzon Qodirov O‘zbekiston Prezidentining kuyoviga: "Chechenistonda ham sening qo‘rg‘oning bor!"

Checheniston rahbari Ramzon Qodirov o‘zining Instagram sahifasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning kuyovi bilan birga aks etgan suratini joylab, u haqida iliq fikrlar bildirdi. 

Foto: instagram/kadyrov_95

"Aziz do‘stlar! Chechen masaliga ko‘ra, bir donishmand o‘z o‘g‘illariga turli o‘lkalarda qal'alar bunyod etishni vasiyat qiladi. Ular gap aynan himoyalovchi inshootlar haqida ketayapti, deb o‘ylashadi. Aslida esa, otasi o‘g‘illariga har qanday qal'adan-da yaxshiroq hisoblangan ishonchli do‘stlar orttirish haqida gapirgan ekan. Mening aziz OTAM, ChR Birinchi Prezidenti, Rossiya qahramoni Ahmad Hoji Qodirov musulmonlarni qarindoshchilik va do‘stona aloqalarni mustahkamlashga undovchi va shu bilan birga, bunday aloqalarning uzilishini qoralovchi hadislarni ko‘p aytib berardi. O‘zbekistonda bo‘lganimda shularni esladim, u yerda Allohning irodasi bilan munosib insonlar bilan tanishdim. 

Albatta, Oybek Tursunovdek ajoyib do‘st va BIRODARni topganim men uchun katta sharaf. Yaxshi bilimga ega, tartib-intizomli, xushmuomala va kamtar inson. Menga uning davlat ko‘lamida keng fikrlashi, o‘z Vatani - O‘zbekiston kelajagiga bo‘lgan qat'iy ishonchi yoqdi! Oybek Tursunovdek yigitlar bor ekan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z jamoasiga ajoyib hamfikrlarini to‘plaganiga ishonchim komil. 

Qadrli BIRODAR, mening uyim eshiklari sen uchun doim ochiq! Albatta, biz bu yerda Samarqand va Buxorodagidek mazali palov tayyorlay olmasmiz, lekin O‘zbekistonda yo‘q chechen taomlari bilan mehmon qilamiz! Shu bilan birga, aytmoqchi bo‘lganim - Chechenistonda ham sening qo‘rg‘oning bor!", - deb yozadi Qodirov.

Top